Farg‘onada kollej bosh hisobchisi 4,3 milliard so‘mni onlayn qimorga tikib yuborgani aniqlandi

Farg‘ona viloyati Olimpiya zaxiralari kolleji bosh hisobchisi 4,3 milliard so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, u 2019–2021- yillar davomida o‘ziga asossiz ravishda jami 4 milliard so‘m ish haqi va ustama yozib olgan. Shuningdek, kollej o‘qituvilari nomiga bank plastik kartalari ochib, 310 million so‘m byudjet mablag‘larini o‘qituvchilarga bildirmasdan o‘tkazib olgan.

Bosh hisobchi talon-taroj qilgan jami 4,3 milliard so‘m mablag‘larni internet tarmog‘i orqali qimor o‘yinlariga tikib, sarf qilgan. Holat yuzasidan bosh hisobchi va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209 (Mansab soxtakorligi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

​​Avvalroq, «Xalq banki»ning Andijon viloyati Amaliyot bo‘limi xodimlari 4,6 mlrd so‘mni o‘zlashtirgan edi.