O‘tgan yilning 14 fevral kuni Nukus shahrida yashovchi fuqaro N.Yu.ning tug‘ilgan qizalog‘i 2021 yil 15 fevral kuni soat 09:15 da Qoraqalpog‘iston hududiy perinatal markazi shifokorlari tomonidan ushbu chaqaloq vafot etganligi qayd etilib, soat 10.15 da patologiya byurosi xodimlariga berib yuborilgan, deya xabar berdi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi Axborot xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, patologiya byurosi xodimlari tomonidan chaqaloqning ko‘krak qafasida anotomik kesma kesgan vaqtida chaqaloqda hayotiy belgilar aniqlangan bo‘lsada, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilmagan va perinatal markazi shifokorlari chaqirilib, chaqaloq qaytarib berib yuborilgan.
Natijada, o‘z vaqtida zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmaganligi oqibatida chaqaloq vafot etgan. Ushbu holat yuzasidan Nukus shahar prokuraturasi tomonidan 06.04.2021 yili JKning 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishining dastlabki tergov harakatlari davomida tayinlangan komissiyaviy sud-tibbiyot ekspertizasining 2021 yilning 26 oktyabr kuni xulosasida fuqaro N.Yu.ning chaqalog‘i o‘limiga amaldagi standartlarga muvofiq reanimasion yordam-o‘pkaning sun’iy ventilyasiyasi, surfaktant va lozim darajada qarov o‘tkazilmaganligi hamda patologo-anatomik tadqiqot maqsadida tirik chaqaloqda o‘tkazilgan anotomik kesma-jarohat sabab bo‘lganligi, standartlarga muvofiq davo muolajalari o‘tkazilgan taqdirda chaqaloq hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lganligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Yuqoridagi holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston hududiy perinatal markazi chaqaloqlarning reanimasiya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.D. perinatal markazi neonatolog shifokori bo‘lib ishlagan S.R. va patologiya-anatomiya byurosi patologiya-anatom shifokori K.G.lar JKning 116-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilingan.
04.12.2021 yilda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, ayblanuvchilarga e’lon qilingan va shu kuni jinoyat ishi hujjatlari ayblanuvchilarga tanishib chiqish uchun taqdim etilgan. Jinoyat ishlar bo‘yicha Nukus shahar sudiga JPKning 388-moddasi muvofiq mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.
Hozirgi vaqtda jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.