O‘zbekiston musulmonlari idorasi Caudiya Arabistoni «Haj-2022» mavsumida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan yosh chegarasi 65 yoshgacha etib belgilanganini ma’lum qildi.
Shuningdek, barcha ziyoratchilar podshohlik Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida tasdiqlangan Pfizer/BioNTech (AQSH-Xitoy), Oxford-AstraZeneca (Buyuk Britaniya-Shvesiya), Moderna (AQSH) yoki Johnson & Johnson (AQSH) vaksinalarining 2 ta dozasini qabul qilgan bo‘lishi zarur.
Xorijlik hojilar Saudiya Arabistoniga kirishdan 72 soat oldin koronavirus tashxisi haqida manfiy natijali PSR ma’lumotnomasini taqdim etishi lozim.
Podshohlik Haj va umra vazirligi hojilarning ibodat amallarini bajarish davomida o‘z sog‘ligini saqlash uchun ehtiyotkorlik shartlari va qoidalariga to‘liq amal qilishi zaruratini qat’iy talab qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, mazkur masala «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi hamda O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda muvofiqlashtirilmoqda.