XAROBAGA AYLANGAN OROMGOHLAR

Qiziq holat: o‘tgan chorak asrda mamlakatimiz aholisi qanchaga ko‘paydi? Bolalar-chi? Shu bilan birga, yosh avlodning salomatligida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan sog‘lomlashtirish oromgohlari-chi?

Afsuski, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, holat achinarli. O‘tgan davrda ko‘plab, juda ko‘plab oromgohlar yo‘q bo‘lib ketgan. Ba’zi hokimliklar, turli tashkilotlar esa, yangi oromgohlarni qurish haqidaku gapirmay qo‘ya qolaylik, mavjudlarini asrab qolish to‘g‘risida ham jon koyitmagan.

Eng qizig‘i, oromgohlar masalasiga hukumat darajasida e’tibor berilib, ularni sotib yubormaslik, ularni har jihatdan puxta ta’mirlab, mavsumga tayyorlash talab qilinsa-da, quyidagi ayrim rahbarlar bu topshiriqlardan «bexabar» qolib, haligacha bilganicha ish tutishmoqda. Ya’ni, haligacha oromgohlar sotilyapti…

Hademay, ya’ni iyun oyidan bolalar oromgohlariga qabul boshlanadi. Xo‘sh, ayni kunlarda obodonlashtirish, ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazish, zarur jihozlarning kam-ko‘stini to‘g‘rilash, bolajonlarning yozgi ta’tilni qiziqarli va mazmunli o‘tkazishi uchun qay darajada tayyorgarlik ko‘rilmoqda?

Afsuski, bu borada amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi. Bunga o‘rganishlar davomida aniqlangan holatlar bo‘yicha yozilgan tanqidiy maqolalarni o‘qib, o‘zingiz amin bo‘lasiz.

Tahririyat jamoasi oromgohlarni o‘rganishlar jarayonida aniqlangan kamchiliklar, muammolar haqida va shuningdek, kelgusi taqdiri katta so‘roq ostida qolayotgan oromgohlar masalasiga imkon qadar oydinlik kiritish maqsadida hududlardan turkum maqolalar tayyorlamoqda.

Quyida ulardan ikkitasi bilan tanishasiz.


Ya’ni, «Jetkinshek» bolalar oromgohi «Qoraqalpoq mashinatraktor parki» birlashmasiga qarashli «Taxiatosh agrotexmash» OAJ balansida bo‘lgan. Navbatdagi mavsumga bolalarni qabul qilish uchun tayyorgarlik ko‘rish kerak, ammo ta’mirtalab ahvoldagi oromgohga tashkilot mablag‘ ajrata olmaydi. Shu orada Taxiatosh shahridan bir tadbirkor oromgohga tegishli barcha sarf-xarajatlarni o‘z bo‘yniga olish tashabbusi bilan chiqadi, lekin yo‘llanmalarni o‘zi tashkil qilish shartini qo‘yadi. Bu taklif hokimiyatdagilarga ham, birlashma rahbarlariga ham ma’qul keladi.

Keyin tadbirkor ta’mirlash ishlarini boshlab yuboradi va oromgoh mavsumga shay holatga keladi. Keyin… «tadbirkor»ning qing‘ir ishlari fosh bo‘ladi. U bolalarni dam oldirishni emas, balki missionerlik faoliyatni amalga oshirayotgan bo‘lib chiqadi.

«Jetkinshek» bolalar oromgohining faoliyati rasman 2007 yilda to‘xtatilgan. 14,5 gektar yer maydoniga ega, 80 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu oromgoh atrofida 5 ta bolalar yozgi paviloni, 5 ta korpus, 1 ta sport zali, 1 ta yozgi kino teatr va sport maydonchalari hamda 1 ta favvora mavjud bo‘lgan.

Bir vaqtlar gullab-yashnagan, minglab bolalarning baxtli onlariga guvoh bo‘lgan oromgoh bugun xarob ahvolda. U yaqin atrofda yashaydigan aholi mollari uchun qo‘raga aylangan.

Hozirda Nukus shahar hokimligi balansida saqlanib kelinayotgan bu maskanga ko‘z tikkanlar ham kam emas. Hokimlik vakillarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining bo‘limi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi Onkologiya dispanseri binolari shu joyda qad rostlashi ehtimoli bor. Balki O‘zFA Qoraqalpog‘iston bo‘limiga berilar. Ayni paytda «Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti»ga muvofiq, «Har bir yoshga bir gektar» loyihasi bo‘yicha bandligi ta’minlanmagan yoshlarga 1 gektardan ajratib berish ham mo‘ljallanyotgan ekan.
Ammo, o‘ziga ohanrabodek rom qiladigan so‘lim go‘sha uchun faqat bolalar oromgohi yoki sanatoriy kabi loyihalar mosdek tuyuladi.

«Qaniydi, bu yerga ham Mo‘ynoqdagi «Oq kema» kabi muhtasham bolalar oromgohi qad rostlasa. Qoraqalpog‘istonda bolalar oromgohlariga talab katta.


Masalan, hududda 7-14 yoshdagi bolalar soni 200 ming atrofida. Bir yilda shularning atigi 5 ming nafarigina dam oldiriladi. Bu 2,5 oshib ketsa, 3 foiz degani. «Inson qadri uchun» tamoyili ostida qanchadan-qancha yangi tashabbuslar ko‘tarilmoqda. Biz ham bolalarimiz kelajagini o‘ylashimiz kerak. Oromgohlar tashkil etish masalasi hukumat darajasida ko‘tarilishi lozim. Masalan, «Jetkinshek» bolalar oromgohini qayta tiklasak, yilning barcha mavsumida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirishni tashkil etish mumkin», deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Qoraqalpog‘iston kengashining Madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi mudiri Gulmurat Tlepov.

Xarob bo‘lgan oromgohlar qatoriga Nukus shahri shimolidagi Achchiqko‘l qirg‘og‘idagi «Juldizsha» bolalar oromgohini ham kiritish mumkin. Ajoyib tabiat bag‘rida bo‘lgan oromgohdan hozirda asar ham qolmagan. Faqatgina sobiq ittifoq davriga oid esdalik-monumentlar «qad rostlab» turgan bo‘lmasa, boshqa binolarning o‘rinlari tekislanib tashlangan, qalin daraxtzordan esa nom-nishon yo‘q.

«Juldizsha» oromgohi 1954 yilda qurilgan bo‘lib, 1,4 gektar maydonga ega, 80 o‘ringa mo‘ljallangan edi. 2005 yildan buyon faoliyati to‘xtatilgan oromgohda har navbatda 80 nafar bola qabul qilingan. Oromgohda 2 ta yozgi pavilon, 1 ta oshxona, 1 ta tibbiyot xonasi, 1 ta omborxona va 1 ta dush mavjud bo‘lgan.

Ayni paytda xususiy tadbirkorlik jamiyati balansidagi hudud kelgusida suv sportini rivojlantirish uchun mo‘ljallanmoqda.
Shunaqa gaplar, agar oromgohlarning eski albomlarda saqlangan suratlarini ko‘rsangiz, havas qilasiz. Ammo ularning hozirgi kundagi ahvolidan xabar topsangiz, chuqur xo‘rsinib qo‘yasiz…

Yesimxon QANOATOV
(«Ishonch» gazetasi, 2022 yil 14 aprel, № 47)