Imom Abdussalom Muborakfuriy rahmatullohi alayh o‘zlarining «Buxoriyning siyrati» kitobida quyidagi hikoyani keltiradilar.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh xadis rivoyat qilgan roviylarni izlab dengiz safariga chiqdilar. Yonlarida ming dinorlari bor edi. Bu o‘sha davrda g‘oyatda katta mablag‘ edi. Kema egalaridan biri, ul zotning oldilariga kelib, o‘zining do‘stona munosabatini izhor qildi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh uning do‘stona munosabatini ko‘rgach, o‘zlarida ming dinor borligini aytdilar.
Hazratdan bu gapni eshitgan «muxlis do‘st» birdan o‘zgarib qoldi. Ertasi kuni uyg‘ongach, ho‘ngrab yig‘lay boshladi. U tinimsiz dod solar, kiyimlarini yirtar, yuziga urar edi. Kemadagilar uning atrofiga to‘planishib, nima sababdan bunday qilayotganini so‘radilar. U esa yonidagi ming dinorini yo‘qotib qo‘yganini aytdi.
Taftishchilar kema va undagi kishilarni birma-bir ko‘zdan kechirishni boshladilar. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh yonlaridagi ming dinor solingan hamyonni hech kimga bildirmay, sekingina dengizga tashlab yubordilar. Hammayoqni tit-pitini chiqarib tashlagan ma’murlar hech kimdan va hech qayerdan dinorlarni topa olmagach, haligi kishining oldiga kelib uni koyib tanbeh berdilar.
Safar tugagach, hamma kemadan tushdi. Haligi kishi Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning oldilariga kelib,
– Dinorlarni nima qildingiz? – deb so‘radi. Hazrat:
– Ularni dengizga tashlab yubordim, – deb javob berdilar.
– Qanday qilib shuncha pulni tashlab yuborishga ko‘zingiz qiydi? – dedi.
– Ey nodon! Men butun hayotimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini jamlash uchun bag‘ishladim. Butun olam mening halol va to‘g‘riligimni biladi. Nima uchun men o‘z hurmatimni yolg‘onchi bir o‘g‘rining tuhmati sabab yo‘qqa chiqarishim kerak?! Qandaydir dinorlar, umrim davomida qo‘lga kiritgan ishonch va adolatdek bebaho gavharni yo‘qotishga arziydimi?! – deb javob berdilar.