Ofshor kompaniyalar xizmatidan foydalanish bo‘yicha «Pandora arxivi»da bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakovning rafiqasi Nodira Umurzakova va qaynotasi Marlen Azizovning ham nomlari borligi maʼlum bo‘ldi.
ITSVning bildirishicha, Azizov 1990-yillarning boshidan buyon biznes bilan shug‘ullangan, Umurzoqova esa hech qachon xorijda hech qanday aktiv yoki mulkka egalik qilmagan yoki benefitsiar bo‘lmagan.
Surishtiruvchi jurnalistlar konsorsiumi (ICIJ) 3 oktyabr kuni 14 ta ofshor ro‘yxatga oluvchilarning 11,9 mln atrofidagi (qariyb 3 terabayt) hujjatlarini o‘zida mujassam etgan «Pandora Arxivi»ni (The Pandora Papers) eʼlon qildi.
Arxivda O‘zbekiston bilan bog‘liq bo‘lgan 60 dan ortiq shaxslarning ismi-shariflari keltiriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda ular orasida bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovning rafiqasi Nodira Umurzakova va qaynotasi Marlen Azizov ham borligiga eʼtibor qaratildi.
Shu jumladan, 2020 yil 23 yanvar holatiga ko‘ra uy bekasi hisoblangan Nodira Marlenovna Umurzakova (1974 y.t.) Britaniyaning Virjiniya orollarida 2014 yil yanvarida ro‘yxatdan o‘tgan Aslett Investments Limited kompaniyasining benefitsiar egasi sifatida ko‘rsatilgan.
Orginfo.uz servisi maʼlumotlariga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosarining turmush o‘rtog‘i va kompaniya mahalliy korxonalarda ulushga ega emas.Aslett Investments Limited kompaniyasining yana bir benefitsiar egasi sifatida Nodira Umurzakovaning otasi, bosh vazir o‘rinbosarining qaynotasi Marlen Azizov (1938 y.t.) ko‘rsatilgan.
O‘z vaqtida Chinoz uy-joy qurilish kombinati bosh direktori bo‘lgan Marlen Azizov 2012 yildan 2016 yilga qadar Britaniyaning Virjiniya orollarida tashkil etilgan Zarubezhvodstroy Limited, Alastor International Limited, Coribridge International Limited, Cannonford International Limited va Hartswood Estates Limited kompaniyalarining ham benefitsiari hisoblanadi.
“Gazeta.uz” so‘roviga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati Marlen Azizovning «90 yillar boshidan Rossiya Federatsiyasi va Yevropa mamlakatlarida — turli xil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganini» maʼlum qildi.
«M.Azizovning qizi N.Umurzakova hech qachon tadbirkorlik faoliyatini bilan shug‘ullanmagan va chet eldagi biron-bir aktiv yoki mulkning egasi yoki benefitsiari bo‘lmagan. Pandora hujjatlari maʼlumotlar bazasida uning ismining mavjudligi M. Azizovning oilasi aʼzosi bo‘lganligi bois noto‘g‘ri ko‘rsatilgani bilan izohlanishi mumkin. Hozirda ushbu noaniqlikning sabablari o‘rganilmoqda», — deyiladi xabarda.