Avvalroq, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida mahalla yoshlar yetakchisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan 37 yoshli erkak o‘zini osib qo‘yganligi haqida xabar bergan edik.
Bosh Prokraturaning taqdim etgan qo‘shimcha maʼlumotlariga ko‘ra, 13 aprel kuni G‘uzor tumani, Sovbog‘ qishlog‘ida yashagan 1985 yilda tug‘ilgan erkak (oilali, 3 nafar farzandi bor, mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar yetakchisi bo‘lib ishlagan) qo‘shnisining yashamaydigan xonadonida o‘zini-o‘zi osib vafot etgan.
Tekshirish davomida marhum oxirgi vaqtlarda ko‘p spirtli ichimlik isteʼmol qilishi oqibatida ruhiyatida o‘zgarish bo‘lganligi aniqlangan.
“Daryo” manbasiga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilishiga katta miqdordagi qarzdorligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi taʼkidlangan. «U o‘sha kuni uyidan ishga chiqib ketayotganda xotiniga qarzi judayam ko‘payib ketganini, pul berganlar pulini so‘rab tinchlik bermayotganini aytgan. Uning o‘limiga katta miqdordagi qarzdorlik sabab bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin», — deydi manba.
Marhumning o‘lim sababiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Holat bo‘yicha G‘uzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakati olib borilmoqda.