May oyidan boshlab yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari amalga kiritiladi


May oyidan boshlab yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari amalga kiritiladi.

Unga ko‘ra, jumladan, aholi punktlarida transportlarning tezligini soatiga 70 kilometrdan, maktab va bog‘chalar atrofidagi yo‘llarda 300 metrgacha masofada 30 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.

Bunda Prezidentning tegishli qarori bilan tashkil etilgan Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi respublika komissiyasi qarori asosida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi yo‘l harakati qatnovi yuqori bo‘lgan va aholi gavjum hududlarda transport harakatlanishining yuqori tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilanishi mumkin.

Yengil avtomobillarda yuk tashishga ularning tom qismiga o‘rnatilgan yukxonadagi yukning balandligi 1 metrdan (maxsus moslamalar bilan mustahkamlangan holda velosipedlarni tashish bundan mustasno) va uzunligi avtomobilning gabaritidan 0,5 metrdan oshmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.

Yuk avtomobillari, Yo‘l harakati qoidalarida belgilangan ayrim istisnolardan tashqari barcha holatlarda, yo‘lning faqat o‘ng qatnov qismidan harakatlanishi shart.

Transport vositalarining qayrilib olish joylarida va unga 30 metr yetmasdan yoki o‘tib to‘xtash taqiqlanadi.