Jurnalistga chindan tahdid boʻlganmidi, yoki «lyubaya piar xorosha»mi?

Jahongir Usmonov tahdidlar sababli o‘chirib tashlangan tanqidiy matireal yuzasidan munosabat bildirdi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Avvalroq Rost24.uz cayti bosh muharriri, jurnalist Anora Sodiqovaning “Xalqaro moliyaviy kriminallar ro‘yxatida ko‘ringan o‘zbek oligarxi yoxud Verjin orollaridagi kompaniyaning yagona benefisari Jahongir Mirabrorovich Usmonov haqida” nomli maqolasi e’lon qilgan edi.

Mazkur maqolada Pandora papers hujjatlarida nomi qayd etilgan o‘zbekistonlik tadbirkor Jahongir Usmonovning faoliyati xususida so‘z borgan. Jurnalist o‘z surishtiruvida qo‘lga kiritgan ma’lumotlar asosida sobiq senator, O‘zbekiston futbolining bir necha yillik rahbari, marhum senator Mirabror Usmonovning o‘g‘liga tegishli bir necha kompaniyalarning zanjiri offshor hududlarga, moliyaviy jinoyatlarga tomon yetaklashini aytadi.

Shuningdek, jurnalist tadbirkor yirik mablag‘larini yashirish, xorijdagi ofshor kompaniyalar hisob raqamlariga olib chiqish uchun xayriya fondi(“Ezgu maqsad”)dan foydalangan bo‘lishi mumkinligini bildiradi.

2017 — yilda tashkil etilgan «Ezgu maqsad” xalqaro xayriya jamoat fondi “Saxovat”, “Muruvvat” va mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarida murakkab operasiyalarni o‘tkazish bilan shug‘ullanishi belgilangan bo‘lib, fondga bir qator imtiyozlar berilgani ma’lum qilindi.

Jurnalist o‘z surishtiruvida aniqlashicha, mazkur fond va tadbirkor J.Usmonovga tegishli bir necha kompaniyalar o‘rtasida milliardlar summalar aylangan.

Bu haqda maqola va maxsus videomaterial e’lon qilingach, orada bir muddat vaqt o‘tib, A.Sodiqova ularni tarmoqdan o‘chirilgani va tahdidga uchragani haqida ma’lum qilgan edi.

Anjumanda Usmonovning o‘zi bu masalaga oydinlik kiritib, izoh berdi.

«Mening oilam uchun bu juda ham og‘ir. Mayli bu material saytdan olib tashlandi, ho‘p. 1–2 soatlardan keyin Anora Sodiqova sahifasida xuddi shu material chiqdi. Nimaga unda u tahdiddan qo‘rqib, o‘zining saytidan xabarni olib tashladi, oradan biroz o‘tgach yana tarmoqdagi sahifasiga yukladi. Bu savol emas. Anora Sodiqova sog‘ bo‘lsinlar, umrlari uzoq bo‘lsin», — deydi fond raisi.