Ko‘pchilik insonlar doimiy og‘iz qurishidan aziyat chekadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu jiddiy kasalliklar alomati bo‘lishi mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu mavzu yuzasidan suhbatlashish uchun terapevt-shifokor Hilola ABDULLAYEVAga murojaat qildi.
— Og‘iz qurishi nima?
— Bu holat tibbiyotda kserostomiya deb atalib, so‘lak bezlari faoliyatining buzilishi natijasida kelib chiqadi, — deydi H. Abdullayeva. — So‘lak suyuqligi antibakterial xususiyatga ega bo‘lib, og‘iz bo‘shlig‘ini turli xavfli infeksiyalardan himoyalaydi. Og‘iz quriganda esa zararli mikroorganizmlar faolligi ortib, organizmda turli muammolar kelib chiqadi.
— Bu salbiy o‘zgarishlar nimalardan iborat?
— Bunday paytda, asosan, lablar yorilib, og‘iz burchaklarida yaralar paydo bo‘ladi. Qolaversa, og‘izdan yoqimsiz hid kelishi va u tishlarni yuvganda keyin ham ketmasligi mumkin.
Tilning qizarishi va taʼsirchan bo‘lib qolishi, taʼm bilishning buzilishi, yutinish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ham ko‘pincha og‘iz qurishining belgisi hisoblanadi. Shuningdek, bu paytda ovqat hazm qilish faoliyati buzilib, o‘tkir respiratorli infeksiyalar va LOR kasalliklari xavfi ham ortadi.
Shu bilan birga, og‘iz qurishi kariyes, milklarning shamollashi kabi tish bilan bog‘liq kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Eng yomoni, bu holat inson salomatligida jiddiy muammolar borligi va bir necha xavfli kasalliklar rivojlanayotganidan darak beradi.
— Ushbu kasalliklar haqida kengroq maʼlumot bersangiz.
— Eng avvalo shuni aytish kerakki, og‘iz qurishi qandli diabetning erta va keng tarqalgan belgilaridan biri hisoblanadi. Kasallik payti glyukoza taʼsirida hujayrlardan qon oqimiga suyuqlik chiqishi tezlashib, peshob ajralishi kuchayadi. Natijada organizm tezroq suvsizlanib, chanqoqlik va og‘izda doimiy quruqlik hosil bo‘ladi. Bu holat, ayniqsa, kechasi va ertalab ko‘p kuzatiladi.
Shuningdek, burundan yaxshi nafas ololmaslik natijasida ham og‘iz qurishi mumkin. Yaʼni, muntazam ravishda og‘izdan nafas olish uning shilliq qavati qurishiga olib keladi.
Qolaversa, og‘iz bo‘shlig‘i disbakteriozi, turli yuqumli va autoimmun kasalliklarga chalinish, antibiotiklar, antigestaminlar, antidepressantlar, diareya, Parkinson va boshqa asab xastaliklarni davolash uchun ishlatiladigan dorilar, yuqori qon bosimi payti ichiladigan ayrim preparatlar, nur yoki kimyo terapiyasi, muntazam spirtli ichimlik isteʼmol qilish va kuchli stress ham og‘iz qurishiga sabab bo‘lishi mumkin.