Farg‘onalik shoir Behzod Fazliddinov Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasiga ariza bilan murojaat qildi. Gap shundaki, Uning «Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim» she’riy to‘plamidan joy olgan «Hushyor do‘stlarim» she’riga muallifning hech qanday roziligisiz qo‘shiqchi A. Shermatov kuy bastalab ijro qilgan va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.
Ushbu murojaat muallifning arizasi asosida viloyat adliya boshqarmasi mutasaddilari tomonidan o‘rganib chiqilib, qonuniy baho berildi.
O‘rganishlar natijasida shoir B. Fazliddinga tegishli bo‘lgan «Hushyor do‘stlarim» she’ri muallifning roziligisiz va lisenziya shartnomasini tuzmasdan qonunga xilof ravishda ijro qilinganligiga oydinlik kiritildi. A. Shermatovga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksda nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, tegishli tartibda muallifning huquqlari tiklandi. Huquqbuzarga esa ma’muriy jarima jazosi tayinlandi.