Joriy yilning 8 may kuni Samarqand tumanida “Nexia” kanalga ag‘darilishi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, voqea soat 02:40 atrofida tumanning Badal MFY hududida sodir bo‘lgan.
Aniqlanishicha, “Nexia” avtomobili haydovchisi harakatlanib ketayotib boshqaruvni yo‘qotgan va kanalga ag‘darilgan. Mashinaning old o‘rindiqlaridagi haydovchi va yo‘lovchi suvdan chiqishga ulgurgan, orqada o‘tirgan 3 fuqaro: 15, 16 hamda 29 yoshli yigitlar halok bo‘lgan. Ularning ikki nafari maktab o‘quvchisi bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.