“2022-2026 yillarda xalq taʼlimini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 sentyabrgacha Milliy o‘quv dasturi taʼlim jarayoniga to‘liq joriy etiladi, shu jumladan, 2022 yil yakunigacha 3-, 6-, 7- va 10-sinflar uchun, 2023-2024 yillarda 4-, 5-, 8-, 9- va 11-sinflar uchun darsliklar, mashq daftarlari hamda o‘quv qo‘llanmalar yaratiladi.
Maxsus elektron tizimlar (S-testing, Onlineedu, Raqamli darsliklar va boshqalar) orqali:
- 2022 yil yakunigacha yangi avlod darsliklari uchun 10 ta mobil elektron resurs va 100 ta multimedia mahsulotlari yaratiladi;
- 2022 yil 1 sentyabrgacha 3-, 6-, 7- va 10-sinf o‘qituvchilari Milliy o‘quv dasturi asosida ishlab chiqilgan qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida o‘qitiladi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar tashkil etiladi:
- Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlari;
- A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda uning huzuridagi taʼlim va ilmiy tashkilotlar Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.
Pedagog kadrlarni kompetensiyalarga asoslangan va kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan metodikalar bo‘yicha o‘qitish amaliyoti joriy qilinadi.
2022 yil 1 iyulgacha Pedagogika markazlari huzurida malakali xodimlardan iborat trenerlar guruhlari shakllantiriladi.
Pedagog kadrlarning malakasini oshirishga bevosita jalb qilingan trenerlarga ularning ish faoliyati natijasiga qarab, oylik ish haqiga 100 foizgacha miqdorda qo‘shimcha ustama haq to‘lab boriladi.
2022/2023 o‘quv yilidan Toshkent davlat pedagogika universitetining kunduzgi taʼlim shaklida o‘qiyotgan 2-4-bosqich talabalari uchun haftalik o‘quv mashg‘ulotlari “4+2” tartibida, shu jumladan, darslarning 4 kuni OTMda, 2 kuni maktablarda amaliyot o‘tash tartibida olib boriladi.
2023 yil 1 avgustgacha pedagog kadrlarning umumtaʼlim fanlari bo‘yicha bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilinadi.
2022 yil 1 sentyabrdan maktablarda umumtaʼlim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama quyidagi tartibda to‘lanadi:
- xalqaro tan olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
- xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
- Davlat test markazining milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida (chet tili bo‘yicha sertifikatlar bundan mustasno);
Davlat test markazining milliy baholash tizimida chet tili bo‘yicha olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama:
- 2025 yil 1 yanvargacha – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
- 2025 yil 1 yanvardan – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida to‘lanadi.
Har oylik qo‘shimcha ustama sertifikat amal qilish muddati davomida, lekin uch yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida to‘lanadi.
Umumtaʼlim fanlari bo‘yicha bir nechta sertifikatga ega pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi sertifikat bo‘yicha to‘lanadi.
2022 yil 1 dekabrgacha maktab direktori lavozimiga nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash hamda baholash natijasi bo‘yicha ularga menejerlik sertifikatini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2022 yil 1 sentyabrdan Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta taʼlim muassasalari kutubxonalari va “Bolalar kutubxonalari” xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravarga oshiriladi.
Farmonga ko‘ra, shuningdek, Xalq taʼlimi vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xalq taʼlimi vaziri jamg‘armasi tashkil etildi.