2022 yilning yanvar-aprel oylarida respublikamizga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2,54 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan.
Amalga oshirilgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oshgan (1,99 mlrd. AQSH dollar).
O‘tgan yilgi statistikaga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-dekabr oylarida respublikamizga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 8,1 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan.
Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, amalga oshirilgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2019-2020 yillarga nisbatan 34 foizga oshgan (6,0 mlrd. AQSH dollar).
Shuningdek, o‘tgan yilda xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikadan 1,6 mlrd. AQSH dollari miqdorida valyuta mablag‘lari chetga jo‘natilgan.
Markaziy bankning qayd etishicha, ichki valyuta bozorida chet el valyutasiga bo‘lgan talabning umumiy hajmi 2021 yilda 26,1 mlrd. AQSH dollarini tashkil etib, 2019 va 2020 yillarning tegishli davrlariga nisbatan mos ravishda 1,7 va 1,3 barobarga oshdi.
Ichki valyuta bozorida chet el valyutasidagi umumiy taklif hajmi esa 2021 yilda 22,9 mlrd. AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga o‘sdi (2020 yilda – 14,3 mlrd. AQSH doll., 2019 yilda – 11,7 mlrd. AQSH dollar).