Qirg‘iziston Parlamentning Xalqaro ishlar, xavfsizlik va mudofaa qo‘mitasi O‘zbekiston bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha kelishuvni rad etdi. Bu haqda «24.kg» xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, deputatlar kelishuv loyihasi matnida sintaktik, grammatik, tinish belgilarida xatoliklarni aniqlab, rus tilidan qirg‘iz tiliga noto‘g‘ri tarjima qilinganini qayd etgan.
«Hujjatni o‘qishdan uyalaman. Bu nimasi? Siz qayerdansiz, qaysi universitetni bitirgansiz? Bu vazir imzolagan hujjatmi? Vazir o‘qimagan bo‘lsa kerak. Hozir o‘qish bilan bog‘liq muammolarimiz bor», — degan deputat Adaxon Madumarov.
Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Azamat Mambetov xalq deputatlarini xatolarga qaramay, hujjatni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. «Tilshunoslar bilan ishlaymiz va chora ko‘ramiz. O‘zbekiston tomoni 26 may kuni yetib keladi», — degan u.
Xalq deputati Nurjigit Qodirbekov Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarjimonini jazolamaslikni so‘ragan. «Bu tarjimonning aybi emas. Avval loyihani rasmiy tilida tayyorlab, keyin uni davlat tiliga o‘girish amaliyotidan voz kechish kerak. Har bir xodim ikki tilda ishlashi va yozishi kerak», — deya taklif qilgan u.
Yana bir deputat Nurlan Shakiyev Vazirlar Mahkamasi vakillari xatolarga qaramay, kelishuv loyihasini qabul qilishni talab qilganidan g‘azablangan. «Bu yerda hammangiz savodsizsiz, savodliga aql o‘rgatasiz. Qattiq turmang, xatolarni tuzating», — degan u.