Farmonda tibbiyot xodimlarining ish haqini 15 foizgacha oshirish, shuningdek, lavozim maoshining 200 foizigacha qo‘shimcha har oylik ustama to‘lash ko‘zda tutilgan.
Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 iyundan boshlab davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:
• oliy va birinchi malaka toifalariga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 15 foizga;
• ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 10 foizga;
• tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun – 15 foizga oshiriladi.
Qayd etilishicha, davlat tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;
• yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;
• oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.
Shuningdek, tibbiyot muassasalarida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokor-xirurglar lavozim maoshining 25 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama joriy etiladi.
2022 yil 1 sentyabrdan boshlab davolash-profilaktika muassasalarining xodimlariga ularning tibbiyot sohasida va mehnat faoliyatida ilmni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini inobatga olgan holda, Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha va fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 30 foizigacha miqdorda har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Belgilanishicha, 2022 yil 1 iyuldan boshlab viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama to‘lovlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.