Endilikda har yili etnosport turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi

Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–259-son, 25.05.2022 y.) qabul qilindi.

Qaror bilan Etnosport turlarini 2025 yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi hamda uni 2022–2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Shunga ko‘ra, 2023 yil 1 martdan har yili etnosport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.

2023 yildan anʼanaviy tarzda:

• Toshkent shahrida har yili bir marotaba etnosport turlari bo‘yicha “Uzbekistan Ethno Games” respublika festivali;

• Xiva shahrida har ikki yilda bir marotaba Xalqaro etnosport festivali tashkil qilinadi.

2022/2023 o‘quv yilidan Respublika estrada sirk kollejida polvonlik va dorbozlik sanʼati yo‘nalishida o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlanadi.

2023 yildan har ikki yilda bir marotaba polvonlar va dorbozlar ishtirokida “Polvonlar sulolasi” ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.

Shuningdek, YUNESKO tashkilotidan nomoddiy madaniy meros maqomi olinishi mumkin bo‘lgan etnosport turlari ro‘yxati shakllantiriladi.

2023 yil 1 yanvargacha har bir hududda ot sporti turlariga tegishli anjomlar savdosini yo‘lga qo‘yish maqsadida do‘konlar tashkil etiladi.