O‘zbekistonning barcha hududida yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish mumkin — Nurmat Otabekov

O‘zbekistonning barcha hududida yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish mumkin. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hozirga kelib, O‘zbekiston sharoitida aholisi yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish xavfi bo‘lmagan hudud yo‘q, negaki respublikaning shu kungacha o‘rganilgan barcha hududlarida aholi rasionida yod tanqisligi mavjudligi kuzatilgan.

Akademik, Ya.X.To‘raqulov nomidagi Endokrinologiya RIIATM tomonidan respublikaning barcha hududlarida olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, fuqarolar tomonidan kunlik o‘rtacha yod iste’moli sezilarli darajada kamaygan bo‘lib, bor-yo‘g‘i 32-64 mkg ni tashkil etadi. Zarur bo‘lgan minimal miqdori esa – 150-200 mkg ga tengdir.

JSST fikriga ko‘ra endemik buqoqning sporadik shakllari 5 foizga kamayishiga erishilsa, u holda YTK to‘liq bartaraf qilingan hisoblansada, O‘zbekistonda bugungi kunda yod tanqisligi og‘ir hudud bo‘lib qolmoqda.

«Yod tanqisligi tug‘ma gipotireoz bilan kasallanish darajasini oshiradi, homila va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda miyaning qaytarilmas shikastlanishiga, aqliy zaiflikka olib keladi. JSST ekspertlarining fikricha, yod tanqisligi aqliy zaiflikning eng keng tarqalgan sababi bo‘lib, faqat oqilona yondashish orqali uning oldini olish mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, yod tanqisligi mavjud bo‘lgan hududlarda yashovchi barcha aholining intellektual salohiyati pasayishi bu muqarrar hisoblanadi», – deydi Nurmat Otabekov.