Tafakkur vaqti: Qurbonlik

Qurbon hayiti oldidan o‘rtahol oila boshlig‘i jonliq olish uchun bozorga bordi. Semiz, chiroyli, ko‘nglidagidek qo‘yni sotib oldi. Yonidagi og‘aynisiga:

  • Do‘stim, keling, bu qo‘yni uyimga olib boring! Mening zarur ishlarim bor. Ulgurmay qolaman, – dedi.

Og‘aynisi qo‘yni olib do‘stining uyi tomon ketdi. Manzilga yetganda do‘stining uyi bilan qo‘shnisining uyi juda o‘xshash bo‘lgani uchun adashtirib va Allohning hikmati bilan qo‘shnisining uyiga qo‘yni tashlab ketdi. Xayolidan ko‘tarilib, jonliq kimniki ekanligini aytmasdan jo‘nadi.

U qo‘yni bergan manzil ahli juda faqir yashashardi.

  • Ey Alloh, qaysidir solih kishining qalbiga solibdi – da, bizga ehson qilibdi, – deyishdi.

Qo‘y egasining ayoli qo‘shnilarini ko‘rib:

  • Tovba, bular o‘zi bir ahvolda yashashsa, qo‘yga qayerdan pul topishdi ekan, – dedi.

Kech tushdi. Oila boshlig‘i ishdan qaytdi. Farzandlari, ayoli uni odatdagiday kutib olishdi. Uyda qurbonlik shukuhi yo‘q edi.

Ayolidan:

  • Do‘stim qo‘y olib kelishi kerak edi, bugun sotib olgandim, qani? – deb so‘radi.

Ayoli:

  • Ha, aytdim – a-a-a? Qo‘shnilarimiz qo‘y olganlarini ko‘rdim, do‘stingiz o‘shalarga tashlab ketibdilar – da! Boring, xo‘jayin, qo‘yimizni keltiring! – dedi.
  • Qo‘ysang – chi, xotin! Ularning farzandalari rosa suyunishgandir. Men qanday qilib ularning quvonchini tortib olay? – dedi.

Ertasi kuni tong otishi bilan u kishi yana bozorga bordi. Qarasa, bir sotuvchi qo‘ylarini joylashtirayotgan ekan.

  • Ey Allohim, zora shu kishining birinchi xaridori bo‘lsamu, menga arzonroqqa yaxshiroq qo‘y bersa, – deb sekin unga yaqinlashdi.

Uning oldiga kelganida bilasizmi sotuvchi nima dedi?

  • Yo‘lda kelayotganimda qo‘ylarim bilan baxtsiz hodisaga uchradik. Allohga shukur, men ham, jonivorlarim ham omon qoldik. Salomat qolganimizning shukronasiga Alloh uchun birinchi kelgan xaridorga eng yaxshi qo‘yimni bepul berishga nazr qildim. Qani birodar, tanlang! Istaganingizni oling! – dedi.

Haligi kishi:

  • Subhanalloh, Allohim, bunchalar Mehribonsan, – dedi.

Ummu Abdulloh tarjimasi