Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida ayol kelin bo‘lib tushgan xonadonida eri va uning yaqinlari tomonidan bog‘lab qo‘yib vahshiylarcha kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 2022 yilning 9 iyul kuni soat taxminan 23-30 larda Yakkabog‘ tumani, «Yangihayot» MFYda yashovchi fuqarolar Yu.E, Yu.B, Yu.R va Yu.Xlar Yakkabog‘ tumani, «Yangihayot» MFYda yashovchi Q.M fuqaro Yu.X bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurganligidan g‘azablanib, oyoq-qo‘lini bog‘lab, sochini kesib tashlab, tanasini duch kelgan sohalariga qo‘l-oyoqlari va qamchi bilan mutassil ravishda urib, qiynab, jismoniy azob berib tan jarohati yetkazishgan. Natijada Q.M. tan jarohati olib, Yakkabog‘ tumani Tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro Yu.E, Yu.B va boshqalarga nisbatan O‘zR JKning 138-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.