Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida erkak 4 nafar oila a’zosi — turmush o‘rtog‘i, qaynonasi, qayinsinglisi va farzandini pichoqlaganiga doir xabarlar tarqaldi. SSV ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lum taqdim etdi.
«Joriy yilning 21 iyul kuni soat 21.10 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yuqoridagi mudhish hodisa oqibatida jarohat olgan to‘rt nafar bemor «Tez yordam» mashinasida og‘ir ahvolda olib kelingan.
O‘ta tezkorlik bilan o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida birinchi bemor — 1994 yilda tug‘ilgan S.D.ga «Ko‘krak va qorinoldi devori o‘tuvchi qo‘shma kesib-sanchilgan yarasi. O‘ng o‘pka va ingichka ichak jarohati. Chap yelka kesib-sanchilgan ko‘plab yaralari…» tashxisi qo‘yildi.
Ikkinchi bemor — 1965 yilda tug‘ilgan O.L. «Chap ko‘krak qafasi kesib-sanchilgan yarasi. Chap o‘pka jarohati. Ko‘krak o‘ng qafasi o‘tmas kesib-sanchilgan yarasi. Pnevmogemotoraks. Chap bilak va kaft ko‘plab kesib-sanchilgan yaralari…» tashxisi bilan shoshilinch ravishda jarrohlik stoliga yotqizildi.
Uchinchi bemor — 1990 yilda tug‘ilgan X.N. «Qorinoldi devori o‘tuvchi kesib-sanchilgan yarasi. Jigar chap bo‘lagi va oshqozonosti bezi jarohati. O‘ng qo‘ltik sohasi o‘tmas kesib-sanchilgan yarasi…» diagnozi bilan operasiyaga olindi.
To‘rtinchi bemor — yetti yoshli M.A.da «Ko‘krak va qorinoldi devori o‘tuvchi qo‘shma kesib-sanchilgan yarasi. Katta charvi eventerasiyasi. Taloq, ingichka ichak va diafragma jarohati…» aniqlanib, unda bolalar bo‘limida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bir paytning o‘zida to‘rtta tibbiyot brigadasi tomonidan bajarildi. Amaliyotdan so‘ng ular reanimasiya bo‘limiga yotqizildi. Kechadan esa barchasi xirurgiya bo‘limiga olindi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimovning ma’lum qilishicha, ayni paytda to‘rt nafar bemorning ham ahvoli barqaror. Stabillashgan. Ijobiy tarafga o‘zgarish bor.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning holatini nazoratga olgan. Bemorlarga markazning eng malakali mutaxassislari tomonidan standart asosida tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilyapti», deyiladi xabarda.