Keksa ayolni karton qutiga solib ko‘chaga uloqtirdilar

Inson qayerda yashashidan qat’iy nazar hamda qaysi millatga mansub bo‘lmasin u eng avvalo insondir. Ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda odamning qadri oddiy buyumdan ham arzonroq bo‘lib qoldi. Ba’zi “farzandlar” esa o‘zlarini dunyoga keltirgan ota-onalarni hech ikkilanmasdan keraksiz matohdek ko‘chaga tashlab ketishmoqda. Ana shunday badbaxtlardan bo‘lgan Meksikalik bir oila keksa onalarini karton qutiga solib ko‘chaga tashlab ketishdi.

Meksikaning Puyebla shahrida oilasi tomonidan karton qutiga solib tashlab ko‘chaga tashlab ketilgan onaxonni topishdi. Mahalliy aholi tarafidan topib olingan keksa onaxon qutining ichida adyolga o‘rab tashlab ketilganligi va yeyish-ichish uchun hechvaqosi yo‘qligi sabab och qolganligi aniqlandi.

Yon-atrofda istiqomat qiladigan mahalliy aholi vaziyatni rasmiy idoralarga xabar qilishgach, keksa ayol ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi tegishli joyga topshirildi. Onaxonni nima sababdan tashlab ketilgani hozircha aniq emas, vaziyat bilan bog‘liq surishtiruv ishlari boshlangan.

Bu kabi holatlarning tez-tez uchrab turishi va oddiy holga aylanib qolayotgani nihoyatda achinarli. Ming afsuslar bo‘lsinki, keksalarga bo‘layotgan tajovuzlar hamda ularga qilinadigan noinsoniy munosabatlar o‘zimizda ham talaygina. Birgina misol tariqasida Toshkent shahrida yuz bergan voqeani eslash kifoya. 63 yoshli ayolga nevarasi tengi yigitning shilqimlik qilgani haqida xabar tarqalgandi. Berilgan ma’lumotga ko‘ra, spirtli ichimlik ichib olgan yigit onaxonga tegajog‘lik qilmoqchi bo‘lib ta’qib qilib quvib borgan hamda niyatiga yetolmagach, alamidan ayamay do‘pposlagan. Bundan ham ayanchliroq yana bir voqea esa Qashqadaryoda yuz bergandi. 15 yoshli o‘smir o‘z otasini pichoqlab o‘ldirib qo‘ygani yuraklarni titratadigan mash’um voqea edi. O‘z ota-onasidan voz kechayotgan yoki ularni o‘ldirayotgan, ko‘chalarga keraksiz buyumdek uloqtirayotgan yoshlar o‘zlarining ham hayotlarida xuddi shunday holat takrorlanishidan nahotki qo‘rqmasa?!

Aslida ko‘pchilik farzandlar injiq va esi past deb hisoblaydigan yoshi katta keksalarimiz yoshlardan ko‘ra har sohada ilg‘orroq ekanliklarini dunyo statistik ma’lumotlari ham tasdiqlagan. Xususan, tadqiqotlarga ko‘ra, keksalar 25-34 yosh o‘rtasidagi yoshlarga qaraganda ba’zi jabhalarda ancha oldindalar:

  • Shim dazmollashni keksalarning 84 % i, 25-34 yoshdagilarning 51 % i biladi;
  • Tugma qadashni keksalarning 81 % i, yoshlarning 41% i biladi;
  • 3 soat necha daqiqadan iborat degan savolning javobini keksalarning 57% i, yoshlarning 33% i biladi;
  • biror maydonning taxminiy o‘lchamini keksalarning 86% i, yoshlarning 52% i to‘g‘ri topadi;
  • grammatik qoidalarni keksalarning 67% i, yoshlarning esa 39% i yaxshi biladi;
  • qushlarning nomlarini keksalarning 48% i, yoshlarning 17% i biladi;

Bu kabi ma’lumotlarni juda ko‘plab keltirish mumkin. Hayotiy tajribaning ustunligi hamisha keksalarning hayotimizga qanchalik kerakli insonlar ekanligini isbotlaydi. Shuning uchun ulardan qutulishga shoshilish o‘rniga borida keksalarimizni, ota-onalarimizni qadrlaylik. Ularning hurmatini joyiga qo‘yib e’zozlaylik. Yoshi ulug‘larimiznining jonlariga qasd qilish tugul ularning bir tola sochlarining to‘kilishiga ham yo‘l qo‘ymaylik. Zero, “Nimani eksang, shuni o‘rasan”.

Keksalarga bo‘lgan munosabat borasida BMT Aholishunoslik jamg‘armasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy idorasi direktori Alanna Armitaj pandemiya sabab juda ko‘p keksalar hayotdan ko‘z yumganini taassuf bilan ta’kidlab, “Yoshi ulug‘lashayotgan Yevropada biz o‘z qobiliyatlari, iste’dodlari va boshqa hissalari bilan aholining to‘rtdan bir qismini e’tibordan chiqarib tashlashimiz mumkin emas. Keksalarga boshqalar kabi bir xil huquq va qadr-qimmat bilan muomala qilinishini ta’minlash nafaqat axloqiy shart, balki hamma – ham qariyalar, ham yoshlar uchun muvaffaqiyat omilidir”, deya ta’kidlagan edi.

Dilbar Rajabova tayyorladi