“Oʻzavtosanoat” AJ matbuot kotibining rasmiy munosabatga vaqti yoʻqmi?

Xabaringiz bor bugun Ogoh.uz – axborot-tahliliy portalida “Chevrolet Tracker-2023 sotuvi boshlanishiga 7 kun qoldi. Lekin hamon narxlar oshkor etilmayapti, nega?” nomli maqola chop etildi.


Biz, avvalo, narx masalasida “Oʻzavtosanoat” AJ matbuot kotibi bilan bogʻlanishga urindik, biroq telefonga javob bermadilar. Maqolaga munosabat, shu bilan birga Chevrolet Tracker-2023 avtomashinasining narxi haqida bizning savollarimizga javob berishini istadik.

Maqolamizda Chevrolet Tracker – 2023 avtomobili premier pozitsiyasining narxi 300 million soʻmdan ortiq boʻlishi, ayrim manbaalarga koʻra, uning narxi 320 million soʻm boʻlishi mumkinligi haqida gap boradi. Shunday ekan “Oʻzavtosanoat” AJ avtomobil uchun qiymat qilib koʻrsatilgan narxga izoh berishi zarur edi. Vaholanki, ushbu model Xitoyda 19 ming dollar sotilayotgan boʻlsa, buning ustiga zarur ehtiyot qismlargina bizga keltirib yigʻiladigan, sotib olingan ehtiyot qismlarni tashish va chegaradan oʻtkazishda bir qator yengilliklarga ega korxona bir necha kichik qulayliklarga ega avtomobilni deyarli ikki barobar qimmatga sotishiga nima asos boʻla oladi. Keyin bizning yana bir ikki savollarimiz mavjud edi, biroq matbuot kotib gapni qisqa qilib, ikki enlik xabarni telegram tarmogʻidan yuborib, shuni rasmiy munosabat sifatida qabul qilishimizni soʻradi.

Xullas, maqolaga munosabati shunday boʻldi: «Qonunga muvofiq sotuvda mavjud boʻlgan mahsulotlarni barchasining narxlari saytda bor. Trekker sotuvga chiqqanida narxini ham eʼlon qilamiz…» Toʻgʻrisi bu munosabat matbuot kotibining shaxsiy munosabatimi yoki «Oʻzavtosanoat» AKning rasmiy munosabatimi, buni bilmadik. Darvoqe, matbuot kotibi rulda ekani bois uning iltimosiga koʻra, bildirgan munosabatining imlo xatolarini toʻgʻrilab qoʻydik.

AOKA har oyda, har chorakda matbuot kotiblar faoliyati yuzasidan «otchyot» olishini bilamiz. Maqolalar boʻyicha munosabat bildirgani haqida AOKAga hujjat tayyorlab berish yoʻlga qoʻyilgan. «Oʻzavtosanoat» matbuot kotibi AOKAga ham «otchyot»ni shunday rulda ketayotib tayyorlab bervaradilarmi?.. Yuqoridagi holat boʻyicha AOKA tomonidan ham rasmiy munosabat kutib qolamiz.

Matbuot kotibi bilan yozishmalar surati ilova qilinmoqda.