Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Umumiy ovqatlanish korxonalariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari” (0027-22-son SanQvaN) Adliya vazirligi tomonidan hisobga olindi (19.08.2022-yil, 104-son).
Ushbu yangi talablar bilan tadbirkorlik subektlarining faoliyatiga toʻsqinlik qiluvchi ayrim talablar (umumiy ovqatlanish korxonalarida suv taʼminoti boʻlmaganda korxona faoliyatini toʻxtatishi kerakligi, ovqat tayyorlashda koʻmir va oʻtin kabi yoqilgʻilarda foydalanish taqiqlanishi kabilar) bekor qilindi.
Yangi tahrirdagi hujjat bilan quyidagi sanitariya-gigiyena talablari belgilandi:
- umumiy ovqatlanish korxonalarida ichimlik suvi bilan taʼminlash markazlashtirilgan suv taʼminoti tizimiga ulanish yoʻli bilan amalga oshirilishi;
- markazlashtirilgan suv taʼminoti tizimi mavjud boʻlmagan taqdirda, ichki suv taʼminoti tizimi artezian qudugʻidan, boshqa quduqlardan yoki kaptajlardan foydalangan holda tashkil etilishi mumkinligi;
- chiqindi yigʻish maydonchasini belgilangan masofada joylashtirish imkoni boʻlmaganda, chiqindilar korxonalarning sovitish tizimi, yuvish va dezinfeksiyalash imkoni boʻlgan alohida xonasida saqlanishiga yoʻl qoʻyilishi kabi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalarida quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat etilmasligi belgilandi:
– texnologik jarayon talablariga rioya qilishni taʼminlash imkoniyati mavjud boʻlmaganda mahsulot tayyorlash;
– yaroqlilik muddati oʻtgan, sifatsiz yoki sifati boʻyicha shubhali, buzilish belgilari boʻlgan mahsulotlardan foydalanish;
– germetik idishlarda sabzavotli, goʻshtli, baliqli, qoʻziqorinli konservalar tayyorlash;
– quritilgan va dudlangan baliq tayyorlash va quritilgan qoʻziqorinlar tayyorlash.
Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonida bevosita ishtirok etuvchi xodimlar tomonidan ish boshlashdan oldin quyidagilar amalga oshirilishi shart:
- zargarlik buyumlari, soatlar yechilishi;
- sochlarni roʻmol yoki qalpoq ostiga yigʻilishi;
- toza sanitariya kiyimlari kiyilishi;
- qoʻllar iliq suvda sovun bilan yuvilishi va dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ishlov berilishi, tirnoqlar olingan va lak surilmagan boʻlishi kerak.