Hurmatli yo‘lovchilar!
Joriy yilning sentyabr oyidan boshlab metropolitendan foydalanuvchi yo‘lovchilar soni o‘tgan yilga nisbatan kuniga 200 mingdan oshishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra sentyabr oyida bir kunda 550-580 ming, oktyabr oyida 600 mingga yetadi.
Shu sababli, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tirbandliklarning oldini olish maqsadida, poytaxt metropoliteni tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shuningdek, bu borada yo‘lovchilar ham metropolitendan foydalanish qoidalariga amal qilishlarini so‘raymiz. Harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezdan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi.
Bularning barchasi oraliq intervallarining reja asosida amalga oshirilishini ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, metrodan doimiy tarzda foydalanuvchi yo‘lovchilar to‘lovni bank va transport kartalari orqali amalga oshirishsa, o‘z vaqtlarini tejashlari hamda kassa oldidagi tirbandlikni maksimal darajada kamaytirishiga zamin yaratadi.
Yuqoridagi qoidalarga amal qilib, yo‘lovchilarga xavfsiz va madaniyatli xizmat ko‘rsatishda o‘z hissangizni qo‘shasiz degan umiddamiz.