Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida juma kuni boshlangan otishmalar oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar soni 36 taga yetdi. Haftaning boshida boshlangan ziddiyatli vaziyat oxiriga borib jiddiy to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Har ikkala davlat ham hujumlarning qaytadan boshlanishida bir-birini aybdor sanamoqda. Sovetlar ittifoqi tugatilgan kundan boshlab, chegara masalasida o‘zaro kelishmovchiliklarni boshdan kechirib kelayotgan Tojikiston va Qirg‘izistondagi chegara atroflarida yashayotgan 100 mingdan ortiq aholi boshqa joyga ko‘chirildi.
Hujumlar “Ikki xalq o‘rtasida qayta urush boshlanadimi?” degan jiddiy savol tug‘dirmoqda. 2021 yilda yuz bergan otishmalar oqibatida 50 kishi hayotdan ko‘z yumgan edi.
Ushbu haftaning boshida yuz bergan otishmada ikki kishi qurbon bo‘ldi. Qirg‘iziston chegara qo‘shinlari Tojikiston askarlarini ayblagan bo‘lsa, Tojikiston esa Qirg‘iziston tomonidan o‘q otilganini iddao qildi. Ikkala davlat o‘rtasidagi 1000 km chegaraning uchdan bir qismi borasida murosaga kelolmaganliklari sababli haliyam tortishuv davom etmoqda. Har ikkita davlat bilan ham yaqin munosabatda bo‘lgan Rossiya, juma kuni tinchlikka chaqirdi va kelishuv taklif etdi.
Shu kuni mahalliy vaqt bilan 16:00 da hujumlar to‘xtadi. Biroq biroz muddatdan keyin Qirg‘iziston chegarasidagi qishloqlarning to‘pga tutilgani ma’lum bo‘ldi.
Qirg‘iziston, qo‘shnisi Tojikistonning qurollangan askarlarini va tanklarini o‘z hududlariga yuborganini da’vo qilmoqda. O‘z navbatida Tojikiston ham Qirg‘izistonni qurollar bilan hujum qilishga tayyorlanayotganini aytmoqda.