Daraxtlar kesilib, o‘rniga ko‘pqavatli uy qurilgan. Ekoqo‘mitadagilar uyg‘oqmi?

Toshkentning Yakkasaroy tumanida Bo‘rijar kanali yonida juda ko‘p miqdordagi katta daraxtlar, keng miqyosdagi yashil hudud butunlay yo‘qotilib, o‘rniga ko‘p qavatli uy qurilayotgani aytilmoqda.

“Murad Buildings” nomi bilan tanilgan Murod Nazarov qurayotgan ushbu beton uy, hazilmi yoki chinmi “Kislorod” deb atalashi, yashil hududlar kamayib ketayotganidan “dod” deyayotgan aholining ustidan ochiqchasiga kulish aslida.

Qanchalik aytilmasin, gapirilmasin, va’dalar berilmasin, baribir daraxtlar kesilmoqda, hali-beri to‘xtaydiganga ham o‘xshamayapti. E’lon qilingan moratoriy ham bunday “erkatoy” tadbirkorlar uchun bir tiyin bo‘lib qolmoqda.

Shahar xaritasining oldingi va bugungi suratlaridan ko‘rinib turibdiki, bu yerda ozmuncha daraxt kesilmagan. Eng achinarlisi, bu haqda hech kim, Ekoqo‘mita u yoqda tursin, jamoatchilik ham bilmagan. Ekopatrul esa doimgidek uyquda. Yoki bilganlar ham ko‘zini yopib turgan.

Bu kabi holatlar Toshkent shahrining har yerida avj olgani hech kimga sir emas. Misol uchun Milliy bog‘ hududida joylashgan sun’iy ko‘l o‘rnida Milliy drama teatri qurish ishlari olib borilayotgani ham bunga yaqqol isbot qilib ko‘rsatish mumkin. Toshkent shahri qurilishdan ortmay qoldi. Qayerda bo‘sh joyga o‘xshab ko‘ringan yer borki ko‘z ostiga olinadi, ko‘p o‘tmasdan o‘ralib, o‘sha yerda qurilish ishlari boshlab yuboriladi. Bu kabi qur-qurlar faqat va faqat xalq uchun zararga ishlaydi xolos. Qurganlar va qurishga buyruq berganlar o‘z pullarini olib chet elda shinam, daraxt va butalar bilan o‘ralgan yerlardan uy   olib qo‘ygan bo‘lsa ajab emas. Oyligiga zo‘rg‘a yashayotgan xalq nima qilsin?

Avvalroq Toshkent shahri Uchtepa tumanida quruvchi tashkilot tomonidan 42 tup har xil turdagi daraxtlar qonunga xilof ravishda kesib yuborilgani ma’lum bo‘lgandi. Shuningdek, Chilonzor tumanida joylashgan Chilonzor ko‘chasidagi “Dream House Stroy” kompaniyasiga ajratilgan va metal devor bilan o‘rab olingan 0,2 gektar maydonda bir kechaning o‘zida 58 ta daraxt kesib tashlandi.

Alqissa bu kabi holatlarga ko‘p va xo‘p misol keltirib o‘tish mumkin. Poytaxtdan boshlangan bu kes-keslar olis hududlardagi qishloqlardan torti, qo‘riqxona hududlarigacha uchrab turibdi. Xo‘sh, bularning ortida qaysi vallomat turibdi? U kimga ishonadiki, Prezident tomonidan o‘rnatilgan marotoriyga qarshi ish qila oladi? Uning nimasi borki hech bir idora unga qarshi ish ochmaydi va buni barcha idoralar yopdi yopdi qilib yuboradi.

Yaqinda aholi e’tiboriga havola etilgan Sardor Umurzoqovning audiosi xayolimizda aylanadi. Nega endi Administrasiya rahbari bu kabi vallomatlarni ham mansabidan olib tashlamaydi, nega Prezidentga ular haqida ma’lumot kiritmaydi. Savollar bisyor…