Maktab darsliklari mualliflaridan biri Komil Jalilov Prezidentga murojaat bilan chiqdi

Maktab darsliklari mualliflaridan biri Komil Jalilov Prezidentga murojaat bilan chiqdi. Bu haqda o‘zining Facebook sahisida yozib qoldirgan.

“Biz, so‘nggi ikki yil davomida Prezidentning bir qator qaror va farmonlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, Milliy o‘quv dasturi va u asosidagi yangi avlod darsliklarini yaratishga jalb qilingan mualliflarda so‘nggi paytlarda darsliklar atrofida bo‘layotgan mojarolar bir qator savollarni tug‘dirmoqda. Bu savollar qisman Gazeta.uz nashrida e’lon qilingan intervyuda ham o‘rtaga tashlangan. Bu va jarayonda tug‘ilgan bir qator boshqa savollarga oydinlik kiritishni so‘raymiz:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 06.11.2020dagi 6108-Farmoni bilan Xalq ta’limi vazirligiga (XTV) Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi (TDI) bilan birgalikda Milliy o‘quv dasturini (MO‘D) yaratish vazifasi yuklangan edi. Mazkur vazifaning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 06.11.2020dagi 4884-son qarori bilan XTV huzuridagi Respublika ta’lim markaziga (RTM) bir qator vakolatlar berildi. Umumta’lim fanlari bo‘yicha MO‘D loyihalari ishlab chiqildi, bu ishga mahalliy va xalqaro ekspertlar jalb qilindi. loyihalar RTM va TDI tomonidan umumxalq muhokamasiga qo‘yildi va TDIning o‘zida bir necha marta muhokama qilinib, “Uzluksiz milliy o‘quv dasturlari majmualari”ga kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.05.2022dagi 134-son Farmoni bilan XTVga bosqichma-bosqich MO‘Dga to‘liq o‘tilishini ta’minlash, xususan, MO‘D asosida zamonaviy darsliklar yaratish vazifasi yuklangan edi. Mazkur hujjatda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan o‘quv yilida 1-2 sinflar uchun darsliklar va o‘quv-uslubiy majmualar yaratilib, amaliyotga joriy qilindi, bu yil esa 3, 6, 7, 10 sinflar uchun yangi darsliklar yaratildi.

2022-yil 6-oktyabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali “Prezident administratsiyasi qoshidagi ishchi guruh taʼlim sifatini oshirish, zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish ishlarini boshlanganini” e’lon qilindi. Bu bilan bog‘liq savollar:

a) Mazkur ishchi guruh qaysi huquqiy-normativ hujjat asosida tashkil qilingan, unga qanday vakolat va vazifalar berilgan?

b) Prezidentning yuqorida qayd etilgan, MO‘Dga bosqichma-bosqich o‘tish va u asosida darsliklar yaratish vazfalari belgilangan hujjatlari bekor qilindimi? Agar bu hujjatlar bekor qilingan bo‘lsa, qanday tadqiqotlar va xulosalar asosida bunday qarorga kelindi, bu tadqiqot va xulosalar bilan tanishish imkoni bormi? Shuncha mablag‘ va mehnatlar evaziga yaratilgan MO‘D va darsliklar taqdiri nima bo‘ladi?

c) Agar Prezidentning yuqorida qayd etilgan hujjatlari bekor qilinmagan bo‘lsa, ishchi guruhning yana “zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish” bo‘yicha ishlari qay darajada bu hujjatlarga mos keladi?

2. Yana “zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish” jarayonlari qaysi manbalar tomonidan moliyalashtiriladi?

3. Prezidentning tegishli hujjatlari asosida yaratilgan MO‘D bir necha bosqichda muhokama va ekspertizadan o’tkazilgan edi. U asosida yaratilgan darsliklarga ham tegishli taqrizlar va xulosalar olingan. Komil Allamjonov e’lonida “hozirda birinchi sinfdan to ikkinchi sinfgacha boʻlgan barcha oʻquv mahsulotlari aprobatsiya uchun tanlab olindi” deyilgan. Bu “o‘quv mahsulotlari”ga qaysi dasturlar asos qilib olingan? Bu dasturlar ham MO‘D singari muhokama va eksperizadan, shu jumladan, umumxalq muhokamasidan o‘tganmi? “O‘quv mahsulotlari”ning o‘zi ham ekspertizadan o‘tganmi? Bu dasturlar va “o‘quv mahsulotlari”, ularning eksperizalari xulosalari bilan tanishish imkoni bormi?

4. Administraysiyada ta’lim masalalariga javobgar bo‘lmagan Komil Allamjonovning bu ishchi guruhdagi va umuman bu jarayondagi vakolat va vazifalari nimalardan iborat? Bu vakolat va vazifalar unga kim tomonidan va qaysi hujjat asosida taqdim etilgan?

5. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yilda, Allamjonov AOKA rahbari bo‘lgan paytda AOKA qoshida tashkil etilgan “O‘qituvchi” ilmiy-metodik markazi direktori o‘rinbosari bo‘lgan, hozirda “Yagona imtihon markazi”ga rahbarlik qilayotgan Yuliya Risyukova TDI va XTV vakillari bilan bir necha marta uchrashib, “O‘qituvchi” markazida yaratilishi boshlangan va markaz yopilgandan keyin huquqlari “Gid Tashkent” MChJda o‘tkazilgan darsliklar “zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish” doirasida tajriba-sinovdan o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Yagona imtihon markazi” Komil Allamjonovga tegishli ekanligi, “Gid Tashkent” MChJ ham Komil Allamjonov bilan bog‘liq ekanligi (Key liberaliser in “Uzbek spring” faces questions over business past :: UzInvestigations) hisobga olinsa, “zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish” harakatlari ortida kimningdir shaxsiy manfaatlari turmasligi qanday mexanizmlar bilan kafolatlangan?

6. AOKA qoshida tashkil etilgan “O‘qituvchi” ilmiy-metodik markazi direktori o‘rinbosari bo‘lgan va hozirda “Yagona imtihon markazi”ga rahbarlik qilayotgan Yuliya Risyukovaning “zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish” jarayonidagi rasmiy maqomi qanday, vakolat va vazifalari doirasi nimalardan iborat?

7. Bizga, TDI va uning huzurida RTM tomonidan yaratilgan darsliklarni tahlil qilish maqsadida tuzlgan ishchi guruhga RTM tomonidan yaratilgan darsliklarga salbiy xulosa berishni talab qilib, bosimlar bo‘layotgani haqida xabarlar kelmoqda. Yuqoridagi savollarda qayd etilgan holatlardan kelib chiqib, “zamonaviy dasturlar, yangi oʻquv qoʻllanmalarini yaratish”dan manfatdor shaxslarning kuchli ma’muriy resurslardan foydalangan holda, RTM tomonidan yaratilgan darsliklar bo‘yicha ishchi guruh xulosalarining obyektivligiga ta’sir qilmasligi uchun qanday mexanizmlar joriy qilingan? Umuman, bu jarayonda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish qanday ta’minlanadi?

Ta’lim millat kelajagini belgilaydi. Yuqoridagi savollarga aniq, asoslangan javoblar berilishi so‘raymiz”, deyiladi xabarda.