Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus keyingi oylarda dunyoda koronavirusga chalinish va undan o‘lim ko‘rsatkichlari pasaygani xotirjamlik uchun asos bo‘lmasligini ta’kidladi.
“Biz tashkilotga a’zo barcha mamlakatlarda COVID-19ga qarshi emlash darajasini 70 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz, — deydi u. — Shu ko‘rsatkichga erishmagunimizcha, barcha aholi qatlami, ayniqsa tibbiyot xodimlari va katta yoshli insonlarni vaksina olishga chaqirishdan to‘xtamaymiz”.
JSST rahbarining qo‘shimcha qilishicha, avval koronavirus pandemiyasi yakuniga bu qadar yaqin kelmagandik. Hozir tunnel oxiridamiz. Uzoqroqda yorug‘lik ko‘rina boshlagan. Ammo hali tashqariga chiqib ulgurganimiz yo‘q. Agar ehtiyotkorlik bilan harakat qilmasak, yo‘lning qolgan qismida ko‘plab to‘siqlarga duch kelishimiz mumkin.
Tahlillarga ko‘ra, bugungacha jahon bo‘yicha COVID-19ga chalinganlarning umumiy soni 619 million nafarga yaqinlashgan. Ulardan 6,5 million nafardan ziyodi xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.