2025 yil 1 yanvarga qadar ayrim xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarga import bojxona boji nol stavkada qo‘llaniladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 12 oktyabr kuni qabul qilingan “Sanoat ishlab chiqarishida xomashyo uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha qulayliklarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Shuningdek, “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi doirasida barcha tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlarini to‘lash talabi bekor qilinadi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab:
• asbob-uskunalar sotib olish (sotish) bo‘yicha shartnomada montaj va ishga tushirish-sozlash xizmatlari, xodimlarni o‘qitish xizmatlari va boshqa xizmatlar qiymati ko‘rsatilmagan hollarda bozor qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi;
• mazkur xizmatlarni ko‘rsatganlik uchun norezidentning soliq solinadigan daromadini shartnoma qiymatining 20 foiziga teng deb hisoblashning amaldagi tartibi bekor qilinadi.