Oʻz tanasini yeydigan jonzotlar

Insonlar orasida oʻz tirnoqlarini yeydigan kishilar borligi barchamizga maʼlum. Odamlardan farqli ravishda ayrim hayvonlar oʻzlarining tanasini ham yeydilar. Bu turdagi hayvonlar jonlarini saqlab qolish uchun yoki oʻz hukmronliklarini qoʻldan boy bermaslik uchun ham oʻz nasliga tegishli boʻlgan sheriklarini yeydilar. Baʼzi hayvonlar oʻz tanasining bir qismini yeydi. Xoʻsh, bunga sabab nima?

Aslini olganda hayvonlarning ochlikdan oʻz tanasini yegani aniqlanmagan. Biroq qopqonga tushgan bir qancha jonzotlar oʻz oyoqlarini yoki dumini tishlab uzib olgani maʼlum. It, ayiq, maymun singari hayvonlar biror joyga qisilib qolgan qoʻli yoki oyogʻini qutqarish uchun oʻz suyaklarini gʻajigani isbotlangan haqiqatdir. 2007-yilda Sumatradagi milliy istirohat bogʻlaridan birida olingan suratda bir qoplonning oʻng panjasi yoʻqligi kuzatilgan. Qoplonning qopqondan qutulish uchun panjalarini tishlab uzib olgani taxmin qilingandi. Faqat yuqoridagi holatlarning hechbiri oʻz-oʻzini yeyish deyilmaydi. Bu holatlarda hayvonlar oʻlgandan koʻra tanalarining bir qismidan kechishni afzal bilishgan.

Polycarpa aurata (assidiya)oʻz miyalarini yeydi

Tanasining bir qismini yeydigan hayvonlar ham bor. Polycarpa aurata deb nomlangan dengiz ostida yashovchi jonzotlar qurbaqalar lichinkasiga oʻxshaydi. Ushbu jonzotlar dengiz tubidagi qoyalarda hayot kechiradi. Voyaga yetgan Polycarpa auratalarning ichki organizmi ham, tashqi koʻrinishi ham lichinkadan butunlay farq qiladi. Lichinkaning bosh qismidagi miyasi yerning tortish quvvatini sezishi uchun va maʼlum makonda oʻzini tutib tura olishi uchun xizmat qiladi. Lichinkalar ulgʻaygach, ularga ehtiyoj qolmagani sababli miya qismini hazm qilib yuborgach boshqa organga aylanadi.

Dumini yeydigan ilonlar


Ilonlar esa oʻz dumini yeydi. Boshqa ilonlarni yeydigan ilon baʼzan oʻz dumini boshqa ilon deb hisoblab yeyishga urinadi. Bu ishni ular ataylab qilishmaydi, albatta. Jumladan, bu turdagi ilonlar dumini oʻljasi deb oʻylab gohida hujum qilishadi. Ayrim ilonlar poʻst tashlaganda oʻz poʻstini yeydi. Dum qismidagi poʻsti hali tanasidan ajralmagan boʻlganligi tufayli dumlarini ham qoʻshib yeyishga urinadilar. Oʻz oʻljasini boʻgʻib oʻldiruvchi ilonlarda oʻljasining hidi oʻz tanasida oʻrnashib qolgani sababli ham oʻz vujudini oʻsha oʻljasi deb oʻylab gohida yemoqchi boʻladilar. Bundan koʻrinadiki, ilon oʻz dumini qasddan yemaydi.