Joriy yilning 6 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida Xalqaro paxta kuniga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi. Har yili 7 oktyabr kunini Xalqaro paxta kuni sifatida keng nishonlash anʼanaga aylanib bormoqda. Shu kunda o‘tkaziladigan tadbirlar paxtachilik, paxtani qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, sohada o‘tkaziladigan tadqiqotlar va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash, sohada xalqaro hamkorlikni takomillashtirish va boshqa amaliy choralarni belgilashga qaratilgan.
2019 yilning 7 oktyabrida Jahon savdo tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) kotibiyatlari bilan hamkorlikda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD), xalqaro savdo markazi (ITC) va xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi (ICAC) birinchi marta jahon paxta kunini eʼlon qildi.
Vazirlik binosi hamda uning atrofida tashkil etilgan yarmarka va ko‘rgazmalarda paxtadan olinadigan mahsulotlar namoyish qilindi, ilmiy-amaliy konferensiyada olimlar va mutaxassislar o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etdilar, shuningdek, innovatsion va amaliy loyihalarning taqdimotlari o‘tkazildi.
Konferensiyada anʼanaviy akademik maʼruzalar bilan bir qatorda Paxtachilik kengashining amaliyotdagi ishlari yoritildiki, bu tadbirda ishtirok etgan qishloq xo‘jaligi korxonalari, klasterlar uchun tajriba maydoni bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 iyuldagi qarori bilan O‘zbekiston Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashi tashkil etildi. Kengash paxta hosildorligini oshirish bo‘yicha samarali tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish yo‘nalishida faoliyat yuritadi.
Yaxshi hosil berayotgan navlarning super elita va elita urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tashkilot va urug‘chilik korxonasini belgilash; maqbul navlarni hududlarda ko‘paytirish va ekish bo‘yicha klasterlarga ko‘rsatma va buyurtmalar berish; kimyoviy va organik o‘g‘itlar bo‘yicha tavsiyalar berish; g‘o‘za kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish, suv va resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish; urug‘chilik klasterlarini tashkil etish; ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Paxtachilik – O‘zbekiston xalq xo‘jaligining muhim sohasi. Paxta xomashyosi, g‘o‘zaning barglari, poyalari, chanoqlari va chigitidan 100 dan ortiq mahsulotlar tayyorlanadi, yaʼni ushbu ekindan chiqitsiz to‘liq foydalaniladi. Hozirgi kunda O‘zbekiston g‘o‘za ekin maydoni bo‘yicha (1,0-1,1 mln. gektar) dunyo mamlakatlari orasida oltinchi o‘rinni, paxta tolasini yetishtirish bo‘yicha bo‘yicha (0,8-0,9 mln. tonna) beshinchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Bir tonna paxta bir yilda o‘rtacha 5 kishini ish o‘rni bilan taʼminlaydi. Quruq iqlim sharoitlarida ham yetishadigan paxta dunyo ahlini kiyim-kechakka bo‘lgan ehtiyojini 27 foizini qoplaydi. Undan yog‘ olinadi, chigitidan chorvachilik mollarini oziqlantirishdan foydalaniladi. Hozirda esa paxtadan innovatsion mahsulotlar yaratishda keng foydalanilmoqda.
O‘tgan uch yilda sohani raqamlashtirish bo‘yicha 10 ta axborot tizimlari ishlab chiqilib, joriy etildi. Qishloq xo‘jaligi yerlari va ekinlarini monitoring qilishga mo‘ljallangan Geoaxborot tizimi ishlab chiqilib, g‘o‘za rivojlanishi holatini masofadan aniqlash va tahlil qilish yo‘lga qo‘yildi. 3,2 mln gektar sug‘oriladigan ekin maydonlarida barcha turdagi ekinlar monitoringi (chegarasi, ekin turi, vegetatsiya holati va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha) yo‘lga qo‘yildi.
Respublikada 134 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyat yuritmoqda. Ularning 103 tasida 2 mln. 536 ming tonna paxtani qayta ishlash zavodlari hamda 41 ta klasterda 193,5 ming tonna mato ishlab chiqarish quvvatlari mavjud.
Paxtaga agrotexnik ishlov berish va undan yuqori hosil olishni ilmiy asoslangan texnologiyalar asosida tashkil qilish maqsadida, 16 ta paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlariga 31 nafar olim (8 nafar fan doktori, 21 nafar fan nomzodi va 2 nafar ilmiy xodim) biriktirilgan.
Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida paxta-to‘qimachilik klasteri tizimini rivojlantirish, sohadagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan umumiy qiymati 36,1 mlrd. so‘m bo‘lgan 21 ta (shundan 16 ta amaliy, 2 ta innovatsion, 3 ta fundamental) loyiha 11 ta oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan bajarilmoqda.
Mustaqillik yillarida serhosil, tezpishar, tolasi sifatli bo‘lgan 250 dan ortiq, shu jumladan keyingi 5 yilda 51 ta o‘rta va ingichka tolali g‘o‘za navlari yaratildi va 41 ta g‘o‘za navlari rayonlashtirildi. “Porloq-1” – “Porloq-5”, “Ravnaq-1” – “Ravnaq-4” navlari respublikamizning aksariyat hududida ekilmoqda.
“Sulton”, “Namangan-77”, “Andijon-35”, “Andijon-36” g‘o‘za navlari Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonda ham yetishtirilmoqda.
G‘o‘za navlari hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos ravishda rayonlashtirilmoqda – “Istiqlol-14” navi Andijon viloyati, “Paxtakor-1” Jizzax, “Namangan-102” va “O‘zPITI-2601” Qashqadaryo, “S-8294” Xorazm, “S-01” Navoiy, “UzPITI-103” va “S-6560” Toshkent, “Jarqo‘rg‘on”, “S-8286” va S-6565 Samarqand, “UzPITI-203” va “S-8290” Farg‘ona, “Buxoro-10” navi Buxoro viloyati bo‘yicha istiqbolli deb topilgan.
Tadbir davomida Paxta-to‘qimachilik klasterlari va ilmiy tadqiqot muassasalari o‘rtasida ilmiy tadqiqotlar natijalarini amalitga joriy qilish hamda hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi.