ShARQDAGI PUShKIN FOJIASI

Usmonning yuragida bahaybat arslon yashardi. Vujudidan otilib she’rlariga jo bo‘lgan o‘tli hayqirig‘i biron pok qalb sohibi yo‘qki, barini zir titratmagan bo‘lsa. U shundayin zabardast, jasur, otash nafas shoir edi.

Usmon o‘zbek adabiyoti olamiga 18 yoshida bo‘rondek kirib keldi va o‘sha davrdagi manaman degan shoir-u, adiblarni changida qoldirib ketdi. Uning satrlarida yangragan jasorat, go‘zallik, muhabbat va ozodlik kuylari sho‘ro davri adabiyotni ag‘dar-to‘ntar qilib tashladi.

Bashorat

1912-yil. Namangan. Aqrab oyining 22 sanasiga o‘tar kechasi Mamatxo‘ja eshonning zavjasi Xolambibining ko‘zi yoridi. Eshon zurriyotimning ismi Usmon bo‘lsin deb, o‘g‘liga shu ismni berdi. Usmon endigina 4 yoshga to‘lganida og‘ir kasallik otasini to‘shakka kishanlab qo‘ydi. Vafotini sezgan Mamatxo‘ja o‘limidan oldin Xolambibiga vasiyat qildi “Bibijon, Usmonimni ehtiyot qil, u hali buyuk inson bo‘ladi. Ammo, g‘animlari va qora kunlari ham bisyordir. Zurriyotimni senga, seni esa yaratganga topshirdim!”

Mamtxo‘ja omonligini topshirdi. Xolambibi ota uyiga qaytdi. Bir yil o‘tar o‘tmas inilari uni qo‘shnisi Nosirxo‘jaga turmushga berishdi. Oila Farg‘onaga ko‘chib ketdi. Nosirxo‘ja Usmonni internatga berdi. Hali maktab chog‘laridanoq Usmonning she’rlari matbuotda chop etilib elga tanila boshladi.

Pushkinning tug‘ilishi

1929-yil. Russiy zabonlarning mafkuraviy kurashi avj olgan, millatparastlik boshlangan kezlar edi. Ayni o‘sha kezlari, 1929-yillarda Usmon Moskva Kinematografiya institutining ssenariy fakultetida o‘qidi. Ammo bir yil o‘tmay o‘qishni tashlab ketdi. Chunki, domlalar Usmonning o‘zbekligi uchun unga past nazar bilan qarashlari, xalqini, qadriyatlarini oyoq osti qilishlari uning nafsoniyat devorlarini o‘pirib yuborgan edi.

1930-1933-yillarda Usmon Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Pedagogika akademiyasining til va adabiyot fakultetida bir muddat tahsil oldi. Ammo… Akademiya rahbari yoqtirgan talaba qiz uni sevib qolgani uchun Usmonni o‘qishdan haydashdi.

To‘siqlarga qaramay Usmon ijod dunyosini shiddatla zab etar, hech bir o‘zbek shoirlari unga bu yo‘lda bas kelolmas edi. Zamonasining erkaklari unga hasad, g‘animlik ko‘zlari bilan boqsa, ayol-qizlari uning asarlariga maftun va oshiq bo‘lib boraverardi.

1937-yil. Shoir she’rlari Turkiston gumbazlarini buzib Moskva diyorlarini ishg‘ol etdi. Butun russiya u haqida gapirdi. She’rlarini birin-ketin rus tiliga tarjima qilindi. Yigirma to‘rt yoshlik o‘ktam bu o‘zbek yigitining suratlari gazeta muqovalarini to‘ldirdi. Uning ismi Stalin mahv etgan maydonlar uzra baralla yangradi:t Hayhot! Sharqda yangi Pushkin paydo bo‘libdi.

Chayonning namoyishi

Usmonning atrofida qora kalxatlar galasi ko‘paydi. Yangi Pushkinning paydo bo‘lishi Sho‘ro hukumatiga ham, ba’zi o‘zbek adabiyotchilariga ham hush yoqmas, aksincha jig‘iga tegadi. Usmonga ustoz tutingan Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy harchand uni himoyalashga urinmasin, Usmonning qiziqqonligi, jizzakiligi va achchiq tili jim turishiga izn bermas edi. Uning she’rlari qanchalik mashhur bo‘lsa, g‘animlarning ko‘zlari ham shunchalik qonga to‘lar edi.

Tunlarning birida Usmon shirakayf, ust boshi abgor uyiga qaytdi. O‘g‘lining holini ko‘rgan Xolambibi qo‘rquvdan dir-dir qaqshadi. “Ona! O‘g‘lingni Yozuvchilar uyushmasidan haydashdi. Uni “Xalq dushmani” deyishdi. Men dushmanmanmi, ona?! Ha, ha men dushmanman! Men o‘z millatini o‘zgalar oyog‘i ostida toptalishiga ko‘z yumgan vatanfurushlarning dushmaniman, ona!”

Tongda Usmonni olib ketishdi. Singillari uvvos soldi, Xolambibi yuragini tutdi. Oradan oylar vaqt o‘tdi. Usmondan na xabar bo‘ldi va bir sado. Qishga yaqin xat keldi. “Jon singlim, kiyimlarimni keltirib ber. Ketadiganga o‘xshayman…” Ular oxirgi marta o‘sha kuni ko‘rishdi. So‘nggi diydor, so‘nggi vidolashuv bo‘lib qoldi o‘sha kun…

So‘nggi fojia

Endigina 25 qoralagan navqiron bu yigit tengqurlari singari go‘shangalarga kuyov emas, “xalq dushmani” bo‘ldi. Hammadan burun undan o‘z xalqi, ilmsizlik va jaholat botqog‘iga botgan mana shu o‘zbek xalqi yuz o‘girdi! Surgun etildi u.

Sovuqdan qaqshagan muzli o‘lkalar Usmonning o‘pkasini asta yemirdi, jismini xarob etdi. 1943-yilga borib qattiq tobi qochdi, qo‘l-oyoqlarini sovuq urdi. Ammo yuragida otash urib turgan vatan, ijod ishqi uni sher yozishga undardi. Usmon qamoqxonaning qonrog‘u va zaht xonalarida azobla soniya o‘tkazarkan, yurak ohlarini jismidan oqqan qon bilan zindon devorlariga she’r qilib bitardi.

Termilaman: qichqiradi yillar, odamlar.

Eshitilar menga ular bosgan qadamlar…

Bahora keldi. Usmonning ruhi zaif etilgan tanani tark etib Arshga yetdi. Sibirning qahratoni qo‘ynidagi kamerada, 32 o‘zbekning otashqalb iste’dodi bu olamni tark etdi…

—————————

Usmon Nosir o‘zbek adabiyotning buyuk darg‘alaridan biri, haqiqiy iste’dodi edi. Afsuski ulkan chinor bo‘lib yetishishidan hayiqqan g‘animlar uni nihollik paytlaridayoq toptab tashladi. Alamlisi esa, Usmonning boshiga yetgan ana o‘sha g‘animlar bir Stalinning qonxo‘rligi emas, balki o‘zimizning qondosh va jondosh millatdoshlarimiz, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a’zolari, o‘zbek adiblarining chirkin xudbinligi edi…

“Bo‘lmoq istab she’riyat ichra darg‘a,

Itardildar meni chuqur bir jarg‘a”…