Toshkent viloyati kuchli yog‘ingarchilik natijasida soy o‘zanida qolib ketgan fuqaro qutqarib olindi. Bu haqda FVV axborot xizmati ma’lum qildi.
Toshkent viloyati Angren shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi navbatchi-dispetcherlik xizmatiga bugun, soat 15:20 da shahar hududidan oqib o‘tuvchi “Qorabog‘soy” soyida fuqaro S. J. kuchli yog‘ingarchilik natijasida soy o‘zanida qolib ketganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, fuqaroni soy o‘zanidan olib chiqdilar. Tez tibbiy yordam bo‘limi xodimlari tomonidan unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shahar markaziy shifoxonasiga yuborildi. Hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi va u shifokorlar nazoratida.