Tafakkur vaqti: «Shumqadam»

Yo‘lovchilari juda ko‘p bo‘lgan karvon yurib borardi. Lekin, ob – havo yomonlashib, yomg‘irlar quyilib, momoqaldiroq, chaqmoqlar chaqa boshladi. Chaqmoq karvonga yaqinlashar, so‘ng boshqa tomonga ko‘char, yo‘lovchilarning atrofida tinmay aylanar, ularni qurshab olar edi.

Biroz yurib bo‘lganlaridan so‘ng, yo‘lboshchi karvonni bir daraxtdan ellik qadam uzoqlikdagi masofada to‘xtatdi. Va:
— Karvonda o‘limi yozilgan shaxs bor. U sabab boshqalar ham halok bo‘lishi mumkin. Men har biringizni borib, ana u daraxtning tanasini ushlashini, so‘ng qaytishini xohlayman. Taqdirida shu chaqmoq sabab o‘lishi yozilgan inson bo‘lsa, uni chaqmoq uradi. Va u o‘ladi. Boshqalar o‘limdan qutilib qoladilar! — dedi.

Birinchi yo‘lovchi yurak yutib borib daraxtni ushladi. Unga hech narsa yetmadi. Tirik qolganidan xursand bo‘lib ketdi.

Boshqalar ham birin – ketin daraxtni ushlashdi. Oxirgi musofir qolganda, hamma unga o‘zgacha ko‘z bilan, kimdir rahm – shafqat, kimdir uni karvon safidan tezroq chiqib, daraxt sari odimlashini, tezroq o‘lishini, shu sabab bu shumqadamdan qutilishni o‘ylab qarardi.

U asta, qo‘rquv ila karvondan ajralib, daraxtga yaqinlashdi. Uning tanasini ushlashi bilan chaqmoqning qattiq, dahshatli ovozini eshitdi. Karvonga o‘girilib qaradi. Karvon bir lahzada yo‘q bo‘lgan, faqat daraxt ushlagan musofirgina tirik qolgan edi!

Ha, chaqmoq bir zarba bilan karvonning barcha yo‘lovchilarini halok qildi. O‘sha oxirgi musofir sabab shu paytgacha boshqalarga talofat yetkazmagandi.