“Mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–353-son, 16.08.2022 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, har bir mahallada Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi tashkil etildi.
Jamg‘armalar mablag‘lari quyidagilardan shakllantiriladi:
mahalladagi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ob’yektlarini sotishdan tushadigan mablag‘lar;
mahallaning mol-mulkini ijaraga berishdan olinadigan mablag‘lar;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlariga asosan mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratiladigan mablag‘lar;
mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun mahalliy byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning texnik ko‘mak mablag‘lari (kredit, grant, beg‘araz yordam va boshqalar).
Mablag‘lar mahalladagi ichki yo‘llar, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlari, ichimlik va oqova suv tizimini ta’mirlash va tiklash uchun yo‘naltiriladi.
2023 yil 1 yanvargacha har bir mahallaning aniq chegaralari belgilanadi.