Bosh aylanishiga qanday omillar sabab boʻladi?

Koʻz oldi qorongʻulashib, bosh aylanishi koʻpchilik uchun tanish holat. Biroq, hamma ham unga yetarlicha eʼtibor beravermaydi. Ayrimlar esa qoni kamayib ketganligini aytib, gemoglobin miqdorini oshirish payida boʻladi.

Aslidachi? Bosh aylanishi qanday omillar sababli yuzaga keladi?

Ushbu savollarga tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Gʻofurov javob berdi.

— Bosh aylanish kasallik emas, balki koʻplab nevrologik, psixologik, yurak-qon tomir tizimi hamda quloq xastaliklari fonida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan alomatdir, — deydi shifokor.

Aslida har qanday sogʻlom inson propriotseptiv, koʻrish va vestibulyar tizimlar yuborgan impulslar yordamida tana muvozanatini saqlaydi. Agar bosh miyaga yuborilayotgan ana shu impulslar buzilsa, u atrofidagi predmetlarni xuddi aylanayotgandek his etadi. Natijada esa odamning boshi aylanadi.

Aytish kerak, bu holatga olib kelishi mumkin boʻlgan 80 dan ortiq sabablar mavjud.

Ulardan biri esa miya faoliyatining buzilishi hisoblanadi. Xususan, miyadagi xavfli oʻsmalar, bosh suyagi jarohati, miya qon tomirlari faoliyatining buzilishi, umurtqa boʻyin qismining lat yeyishi va umurtqa churrasi shular jumlasidan.

Qolaversa, kuchli charchoq, qattiq hayajonlanish, emotsional holatning keskin oʻzgarishi oqibatida ham bosh aylanadi. Shu bilan birga, vestibulyar nervning virusli infeksiyalari yoki labirintit sababli ham ushbu holat kuzatiladi. Bu paytda bemor qulogʻida shovqin, ogʻriq paydo boʻlib, eshitish qobiliyati susayadi yoki butunlay yoʻqolishi ham mumkin.

Shu sababli bunday bosh aylanishiga beeʼtibor boʻlmaslik lozim. Chunki mazkur holatda kasallik belgilarsiz boshlanib, infeksiyaning miyaga oʻtib ketish xavfi yuqori.

Shuningdek:

arterial qon bosimning oshib yoki tushib ketishi;

qonda qand miqdorining pasayishi;

insult;

organizmning suvsizlanishi;

vegetativ distoniyalar;

surunkali kechuvchi kamqonlik;

yurak kasalliklari va yana bir qancha xastaliklar ham ushbu holatga sabab boʻladi.

Ayniqsa, toʻsatdan holsizlik, koʻrish yoki eshitish, nutqning buzilishi bilan kechadigan bosh aylanishiga beeʼtibor boʻlmaslik kerak. Chunki bu vaziyat insult xastaligidan darak beradi. Agar bemorning nutqi oʻzgarib, yuz simmetriyasi buzilsa, darhol shifokorga murojaat qilish zarur.

Oʻtirgan joydan turganda qisqa vaqtli ortostatik bosh aylanishi esa koʻpincha organizmda suyuqlik yetishmasligi bilan bogʻliq. Agar suvsizlanish boʻlmay, bosh aylanishi kuzatilsa, unga yurak ritmining buzilishi yoki yurak yetishmovchiligi sabab boʻlishi mumkin.

Shuningdek, bosh aylanishi bilan birga, kuchli bosh ogʻrigʻi, yurishning qiyinlashishi, koʻngil aynishi va qusish, hushdan ketish, havo yetishmasligi, boʻyin muskullarining tortishishi hamda talvasalar kuzatilsa, albatta, shifokorga murojaat qilish lozim.