Jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini oldini oladi

Olimlar harakatlanishning foydasiga bag‘ishlangan eng yirik tadqiqotlardan birini o‘tkazishdi.
Ular yetti yil davomida jismoniy faollik, yurak-qon tomir kasalliklari va o‘lim holatining umumiy darajasiga oid ma’lumotlarni to‘plashdi. Mazkur tadqiqotda turmush darajasi turlicha bo‘lgan 17 mamlakatdan 35-70 yoshdagi 130 mingdan ziyod odam ishtirok etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faol bo‘lgan odamlar kamroq harakatlanadiganlarga qaraganda sog‘lomroq ekan. Serharakat kishilar yurak xuruji, insult va boshqa yurak-qon tomir kasalliklariga kamroq moyil bo‘lishadi, shuningdek boshqa sabablar natijasida yuzaga keluvchi o‘lim holatlari jihatidan ham nisbatan past ko‘rsatkichlarga ega.

Haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini – 28 foizga, yurak kasalliklari ehtimolini esa 20 foizga kamaytiradi.

Yana shunisi muhimki, jismoniy faollik turi ahamiyatsiz. Tadqiqotning yetakchi muallifi Skott Lir salomatlik uchun pul sarflashga hojat yo‘q, deb hisoblaydi. Har qanday faollik – u xoh uy ishlari bo‘lsin, xoh jismoniy mehnat yoki piyoda sayr – erta o‘lim holatlari va yurak kasalliklari xavfini samarali pasaytiradi.