Belgiyada tugʻilgan 17 yoshli Mak Ruzerford, dunyo boʻylab yolgʻiz parvoz qilgan eng yosh uchuvchi hamda mikroyorugʻli samolyotda parvoz qilgan eng yosh uchuvchi unvonlariga ega boʻldi. 5 oy davom etgan sayohatdan soʻng Bolgariyaning poytaxti Sofiyaga qoʻngan Ruzerford, ikkita yoʻnalishda Dunyo Ginneslar Rekordiga kiritildi. 5 qitʼada 52 ta davlatni kezib chiqqan yosh uchuvchining aeroportga qoʻnishi bilan aytgan ilk gapi “Uddaladim!” degan gʻolibona soʻzlar boʻldi. Ruzerford, 15 yoshida dunyoning eng yosh uchuvchisi boʻlgandi.
Belgiya-Britaniya fuqarosi boʻlgan 17 yoshli Mak Ruzerford, 23-martda dunyoni kezish maqsadida Bolgariya poytaxti Sofiyadan kichik samolyotda uchib ketdi. 5 qitʼada 52 ta oʻlkani kezib chiqqan Ruzerford, oʻz sayohatidan keyin yana Sofiyaga kelib qoʻndi. “Dunyo boʻylab yolgʻiz kezgan eng yosh odam” va “Dunyoni mikroyorugʻli samolyotda kezgan eng yosh odam” unvonlarini qoʻlga kiritib, Dunyo Ginneslari rekordiga kiritildi.
Ruzerford, sayohati davomida ikki marta Ekvador chizigʻini kesib oʻtdi. Ota-onasi va opasi tomonidan kutib olingan yosh uchuvchi parvoz nihoyasiga yetganidan biroz xafaligini bildirdi. Va boshqalarga “Necha yoshda boʻlishingizdan qatʼiy nazar, orzularingiz tomon olgʻa qadam bosing!” dedi.
Dastlab 3 oyga moʻljallangan sayohat, yomgʻir, qum boʻronlari va yuqori darajadagi issiqlik sabab choʻzildi.
2005-yil 21-iyunda tugʻilgan Ruzerford, sayohat vaqtida 17 yoshini qarshiladi. Belgiyada tugʻilib katta boʻlgan yosh uchuvchi “Professional uchuvchi boʻlgan dadam bilan soatlab uchgan vaqtlarimda, 11 yoshimdan boshlab parvoz qilishga kuchli istagim borligini his qilardim” deb taʼkidlagan.
Ruzerfordning 19 yoshli opasi uchuvchi Zara ham yanvar oyida 52 ming kilometrni bosib oʻtgan sayohati bilan dunyoni bir oʻzi kezib chiqqan eng yosh ayol uchuvchi rekordini qoʻlga kiritgandi.