Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatda kuzatilishi mumkin bo‘lgan mitinglarda ishtirok etmaslik haqida ogohlantirmoqda.
Agentlikka ko‘ra, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya hududlarida davlat rasman ruxsat bermagan ommaviy namoyishlar o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda.
«Shu munosabat bilan, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ushbu davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan bunday ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikni, Rossiya Federasiyasi qonunlariga rioya etishni va odamlar ko‘p to‘planayotgan joylarga bormaslikni so‘raydi», – deyiladi Agentlik murojaatida.
Ma’lumot uchun, bu kabi rasman ruxsat berilmagan tadbirlarda qatnashish chet el fuqarolari uchun Rossiya Federasiyasi qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortilish yoki davlatdan majburiy chiqarib yuborishga olib kelishi mumkin.