Kelib chiqishi qadim tarixga borib taqaladigan hayvonlar

Dinozavrlar qoldiqlari topilgan kundan beri odamlar qadimiy jonzotlarga katta qiziqish bilan qarashadi. Ularda hayot tarzi qanday kechganligini bilishni istashadi. Aslida bugungi kunda dinozavrlarning yoshi bilan tengdosh hayvonlar, ularning qadim ajdodlaridan kelib chiqqan hayvonlar mavjud. Ushbu hayvonlarning ayrimlari tashqi ko‘rinishini umuman o‘zgartirmagan bo‘lib, ba’zilari esa butunlay boshqacha ko‘rinish olgandir.

Timsoh

Ko‘rinishidan qo‘rqinchli bo‘lgan timsohlar 250 million yil avval yashagan va “Arkozor” deb nomlanuvchi dinozavrlar oilasiga mansubdir. Birinchi timsoh 95 million yil oldin, Kretasa davrida paydo bo‘lgan. Hozirgi kundagi mavjud timsohlar esa qadimgi Deinosuchus oilasiga mansub. Ular quruqlikka yaqin suvlarda yashovchi, tumshuqlari uzun, kuchli dumlari bor hamda tishlari ko‘p yirtqich hisoblanadi.

Tuyaqush (kassovariy)

Ushbu tuyaqushning oyoq panjalari dinozavrlarning bir turiga o‘xshashligini ilk boqishdayoq payqash qiyin emas. Dunyoda ulkan qushlarning uchinchi o‘rnini egallagan tuyaqushning bu turi Avstraliyaning shimolida, Indoneziya hududlarida yashaydi. Bu tuyaqush naslini dinozavrlar oilasi bilan bog‘lab turuvchi yana bir xususiyat uning boshidagi tojidir. Ayrim mutaxasislar, tukka o‘xshash uzunroq va qattiq terisimon ushbu toj hid bilishda xizmat qilishini aytishsa, boshqa guruh mutaxasislar esa tuyaqushlarga bu tojlar inson qulog‘i eshitmaydigan ovozlarni ham eshitish qobiliyatini tuhfa etadi deb ishonishadi. Moviy boshli bu tuyaqushlar juda yaxshi suzishadi, ularning tuxumlari yashil rangda bo‘ladi.

Dengiz toshbaqasi

Dengiz toshbaqasi juda chaqqon jonzot bo‘lib, ular Antarktidadan tashqari dunyoning barcha qit’alarida yashashadi. Dinozavrlar bilan qarindoshligi bo‘lgan dengiz toshbaqalari 230 million yil avval paydo bo‘lgan hamda ushbu jonzotlar dinozavrlarni qirib tashlagan davrdan eson-omon o‘tib oldilar. Dengiz toshbaqalarining dinozavrlar oilasiga mansub yoki yo‘qligi haqidagi bahslar haligacha davom etmoqda. Ularning dinozavrlar oilasiga emas, balki ilonlar va kaltakesaklar oilasiga yaqinroq ekanligi haqidagi fikrlar ham ilgari surilmoqda.

Tovuq

Dinozavrlar va qushlar orasida bog‘liqlik borligi endilikda hammaga ma’lum. Yaqinda hayratlanarli yana bir kashfiyot e’lon qilindi. Olimlar, hozirgi kundagi tovuqlar bilan ayrim molekulyar tajribalar o‘tkazib ko‘rishdi. 2003 yilda paleontologlar Jak Horner va Mariy Shevitzerlar tovuq suyagining ichidan topgan protein kollagen molekulalarini turli hayvonlar bilan aralashtirdilar va eng ko‘p o‘xshashlikni tovuqlarda, tuyaqushlar va timsohlarda ko‘rdilar.

Ilon

Ilonlar ham uzoq yillar davomida ayrim a’zolarini yo‘qotgan hayvonlar sirasiga kiradi. Jumladan, oyoqlarini, bosh qismidagi ba’zi suyaklarini yo‘qotgan ilonlar butunlay silliq shaklga kirishdi. Endilikda yer yuzida yashayotgan ilonlarning tanasi shunday ingichkalashganki, jigarlari yonma-yon emas, balki old-orqa holatda joylashgan.