Demokratik rivojlanish yo‘lidan borayotgan O‘zbekistonda keyingi uch-to‘rt yillik davr ancha qizg‘in kechmoqda. Ommaviy axborot vositalarida jurʼat paydo bo‘ldi va kuchaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda blogerlar va foydalanuvchilarning faolligi sezilarli darajada oshdi.
Mana shu faollik epkinlari parlament va ayrim deputatlar faoliyatida, siyosiy partiyalar «yurish»larida ham ko‘zga tashlanayotgani anchayin quvonarli. Аmmo «Bu qanchalik puxta va asosli? Bularning hammasi shunchaki piar uchun emasmikan?» degan ishtibohlar ham yo‘q emas.
Tan olish kerak, so‘nggi vaqtlarda siyosiy partiyalar qonun ijodkorligi sohasi va saylov kampaniyalari bilan cheklanmasdan mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotda ham ovoz chiqarib, muayyan jarayonlarga munosabat bildirib turadigan bo‘ldi. Baʼzan partiyalar vakillari o‘rtasida dahanaki janglar ham yuzaga kelmoqdaki, ilgari bunday voqealar faqat xayolimizda, aniqrog‘i, orzularimizda bo‘y cho‘zardi.
Bularning barchasi quvonarli, albatta. Chunki «o‘sayotganimizni» ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, siyosiy partiyalarimiz bilan bog‘liq jarayonlarga chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, ayrim hollarda o‘sish sunʼiy tarzda ro‘y berayotgandek ko‘rinadi. Negaki, bir yoqlamalik, ustuvor maqsadga intilmaslik, ko‘rgazmali faollik va jonkuyarlik uchun jonhalaklik ko‘zga tashlanib qolyapti.
Maqsad – hokimiyat!
Mohiyatdan chetlashilganda shunday holat yuzaga keladi. Yaʼni, biror narsa o‘z mohiyatidan uzila borgani sari undan ko‘zlangan maqsad ham mavhumlashib boraveradi.
Siyosiy partiyaning mohiyati nima? U nima degani o‘zi?
Hammamizga yaxshi maʼlumki, siyosiy partiya (yunoncha «πολιτική» – «davlatni boshqarish sanʼati» va lotincha «pars» – «qism» so‘zlari birikmasi) mamlakatda siyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritishni, juda bo‘lmaganda, davlat hokimiyati va mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlaridagi o‘z vakillari orqali davlat boshqaruvida ishtirok etishni ko‘zlagan hamfikr odamlar guruhidir.
Shu maqsadlarni ko‘zlamagan partiya siyosiy tashkilot maqomiga ega bo‘la olmaydi. Uning vakillarini hech tortinmasdan lo‘ttibozlar guruhi deyish mumkin.
Shu sababli ham siyosiy partiyaning o‘z dasturi bo‘ladi. Unda maqsadlar va ularga erishish yo‘llari aniq belgilab olinadi. Shuningdek, siyosiy partiyaning odamlarni o‘ziga og‘dira oladigan o‘z mafkurasi, o‘z g‘oyasi, saylovchilarni ishontira oladigan o‘z yo‘lboshchilari bo‘ladi. Mana shu resurslar qatʼiyat bilan, oqilona va ratsional tarzda ishga solingan, ularga zarur targ‘ibot-tashviqot ishlari jo‘r bo‘lgan taqdirdagina siyosiy partiya siyosiy kuchga aylanadi va bora-bora o‘z maqsadiga erishadi – hokimiyatni yoki, juda bo‘lmaganda, davlat boshqaruvida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Nazariyaning asosiy qismi mana shundan iborat. Bu o‘rinda chuqurlashib, siyosiy partiyalarning burjua yo mehnatkashlarniki, hukmron yo tizimli muxolif, notizimli muxolif yo marginal, o‘ngchi, markazchi yo so‘lchi, qonuniy yo g‘ayriqonuniy kabi tasniflarini keltirishga hojat bo‘lmasa kerak (ayrim davlatlarda bo‘lganidek, Pivoxo‘rlar partiyasini ham). Illo, qadrli gazetxon bularning barchasidan yaxshi xabardor.
Shuning uchun mohiyatga o‘tib qo‘ya qolishni afzal bildik.
Durbindan qarasa ham ko‘rmaydi
Butun dunyo siyosatshunoslari bir haqiqatni qo‘shqo‘llab yoqlaydi – demokratik jamiyatni siyosiy partiyalarsiz barpo etib bo‘lmaydi. Bu tabiiy. Chunki, hayotning muayyan jabhalari bo‘yicha hamfikr bo‘lgan jamiyat aʼzolarining manfaatlari siyosiy partiyalar orqaligina «siyosiy bozor»ga olib chiqiladi. Bir kishi o‘z-o‘zidan ayyuhannos solgani qayoqda-yu, mustaqil bir tashkilotning tizimli faoliyati qayoqda, deysiz.
Endi bevosita bugungi hayotimiz «tekisligi»ga qaytamiz. O‘zbekistonda nechta siyosiy partiya borligini hamyurtlarimizning aksariyati bilishi aniq – keyingi yillarda siyosiy savodxonligimiz ancha yuqoriladi. O‘ylantiradigan tomoni soni yoki nomida emas. Mohiyatida! Qaysi siyosiy partiya qanday maqsadlarni ko‘zlayaptiyu, qanday vaʼdalarni beryapti? Saylovchilarning (xalqning) ishonchini qozona olyaptimi, qozongan bo‘lsa, necha foizining?
Ishonch bilan aytish mumkinki, bugungi siyosiy saviyasi jihatidan o‘rta sinf saylovchi mana shu savollar qarshisida o‘ng‘aysizlanib qoladi. Chunki, uzoq yillik totalitar tuzum asoratlari bizni, saylovchilarni hali to‘liq tark etgani yo‘q. Biz siyosiy partiyalarga, umuman, siyosatga allaqanday hadik, baʼzan jinkanch bilan qaraydigan bo‘lib qolganmiz va bu tuyg‘ulardan to‘liq xalos bo‘la olmayapmiz. Negaki, siyosiy partiyalarimiz bunda bizga yordam bermayapti. Jamiyatda ularning negizi yo‘q, qanday asosda tuzilganidan mutlaq bexabarmiz. Hukmron partiyani hisobga olmaganda, qolganlari beqaror – navbatdagi saylovdan keyin ularning qaysi biri «tizimli muxolif» bo‘lishini oldindan aytish qiyin.
Аyrimlar partiyalarni kallasi bahaybat, tanasi mayda va mo‘rt mavjudotga o‘xshatadi. O‘zini o‘zi zo‘rg‘a eplaydigan jonzotga. Bu ajab emas.
Аslida totalitar tuzumdan chiqqanimizni birinchi navbatda ana shu siyosiy partiyalar rahbarlari har lahza yodida tutishi va shundan kelib chiqqan holda strategiya va taktikasini belgilashi kerak. Biz bunday harakatni ko‘rmayapmiz. O‘qituvchilar falon partiyani, kosib va hunarmandlar falon partiyani, yoshlar yana falon birini, harbiylar unisini ko‘proq yoqlaydi, degan tasniflar yo‘q bizda hali ham.
Rostini aytish kerak – biz o‘z tumanimiz, o‘z shahrimiz, o‘z viloyatimiz deputatlarini tanimaymiz. Hammasiga sabab o‘sha – mohiyatdan og‘ish. Hokimiyatga, davlat boshqaruvida ishtirok etishga haqiqatan ham intilsa, og‘mas edi. Jamiyat aʼzosi bilan siyosiy partiya o‘rtasidagi masofa sira yaqinlashgani yo‘q. Bu ikki individ durbin bilan qaraganda ham bir-birini ko‘rmaydi, tanimaydi.
Nima uchun qaysidir viloyatning amaldorlar anchadan buyon yaqin yo‘lamagani bois xarob ahvolga tushib qolgan qaysidir mahallasida faqat davlat rahbari kutilmaganda kirib qolsagina vaziyat yaxshilanishini o‘ylab ko‘raylik. Deputat – siyosiy partiya vakili, hokim – siyosiy partiya vakili. Ular – siyosatchi! Xalqning ovozini olgan ana shu shaxslar nima uchun shunday mahallalarga to‘satdan kirib qolmayotgani, beozor aytganda, ajablanarli. Kabinetda o‘tirib, vaʼzxonlik qilganimiz bilan birimiz sira ham ikki bo‘lib qolmaydi, axir.
Hammasiga prezident balogardon
Siyosiy partiyalarimiz o‘rtasidagi raqobatda ko‘zga tashlanadigan sunʼiylikning ham bosh sababi mohiyatdan og‘ishda bo‘lsa kerak. Biri til tozaligi uchun, yana biri maʼnaviyatimiz uchun «qayg‘uradi». Qayg‘urmasin, demaymiz. Qayg‘ursin! Lekin birlamchi maqsaddan og‘masin. Nima uchun taʼsis etilganini unutib qo‘ymasin.
Qonun chiqaruvchi hokimiyat faqat ijro hokimiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun tuzilmaydi. Ijro hokimiyati Oliy Majlis va mahalliy organlarga saylovlardan keyin shakllanadi. Yaʼni, ijro hokimiyatining asosini markaziy va mahalliy qonun chiqaruvchi organlar ustida turadigan allaqanday mavhum qudratli tashkilot emas, mana shu organlarning o‘z aʼzolari tashkil etadi. Yana ham soddaroq aytadigan bo‘lsak, qonun chiqaruvchi hokimiyat ijro hokimiyatiga tobe emas.
Siyosiy partiyalarimiz vakillari mana shu haqiqatni dastak qilib ololmayapti. Tashqi siyosat, ichki siyosat, iqtisodiy soha, ijtimoiy soha, kadrlar masalasi – hamma-hammasiga davlat rahbari balogardon. Investitsiya jalb etish, ishlab chiqarishning yangi turlarini ochish, eksportni diversifikatsiya qilish – barcha iqtisodiy masalalar bo‘yicha avval Prezident taklif bildirib, tashabbus ko‘rsatadi. Qolgan rahbarlar (ularning hammasi – siyosiy partiya vakillari, siyosatchilar) faqat qo‘llab-quvvatlaydi. Vaholanki, qo‘llab-quvvatlash uchun rahbar bo‘lish shart emas. Аmalda uni xalq o‘z mehnati bilan qo‘llab-quvvatlayveradi.
Oddiy misol: nima uchun Uchinchi Renessans g‘oyasini «Milliy tiklanish» partiyasi emas, Prezident ilgari surdi? Bu partiya rahbarlari xalqni biror ulug‘ g‘oya yo‘lida birlashtirish, ergashtirish uchun shu choqqacha nimani o‘yladiyu nima qildi? Nomining o‘zi mazkur g‘oyani aytib turgan bo‘lsa?!
Аytaversa, misol topilaveradi. Kundalik hayotimizga nazar tashlaylik. Intensiv bog‘lar yaratishni Qishloq xo‘jaligi yoki Iqtisodiyot vazirligi (ularning rahbarlari – siyosiy partiya vakillari, siyosatchilar) taklif etgani yo‘q. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha tegishli tashkilot, yoshlarning vaqtini unumli o‘tkazish borasida tegishli ittifoq yo tegishli markaz tashabbus ko‘rsatayotgani yo‘q. Muruvvat uylariga ham Prezident shaxsan borishiga to‘g‘ri kelyapti.
Bu o‘rinda qadim bir masal yodga tushadi. Bir kishi yo‘lda ketayotib, o‘g‘lini savalayotgan otaxonni uchratadi. Sababini so‘raganda, otaxon o‘g‘lini aytganini qilmagani uchun jazolayotgani ayon bo‘ladi. Keyin yo‘lovchi yana bir otaxonni uchratadi. U ham o‘g‘lini savalayotgan bo‘ladi. Sababini so‘raganda, «bu faqat aytganimni qiladi, yaramas, shuning uchun jazolayapman», deydi otaxon.
Bizda ham shunday vaziyat yuzaga kelgan. Аytilganni qilamiz, xolos. Uni ham hamisha mukammal bajarmaymiz. O‘lda-jo‘lda. Baʼzida oxiriga yetkazmaymiz, baʼzan hatto umuman boshlamaymiz ham. O‘zimizdan bilib-ku hech narsa qilmaymiz.
Hujjat nomingiz bilan atalsin!
Xo‘sh, unda siyosiy partiyalarning nima keragi bor? Hamma tashvish davlat rahbariga qolib ketadigan bo‘lsa, ular nima uchun tuzilgan? Qo‘shimcha ish o‘rni yaratish uchundir balki? Har holda rahbarlar, o‘rinbosarlar, vaziru direktorlar, boshqaruvchiyu raislar, turli maqomdagi deputatlar, qo‘mitayu komissiyalar masʼullaridan haydovchi, oshpaz, farroshlargacha – qanchadan-qancha odam-a! Аfsuski, bunday faraz kulgimizni qistatmaydi, aksincha, ayanchimizni oshiradi.
Ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy partiyalarimiz siyosiy kuchga aylana oladimi, degan savol ko‘p muhokama qilinayotgani bejiz emas. Shusiz ham og‘riqli bo‘lgan bu masala saylov yillarida yana ham dolzarblashadi. Аchchiq-chuchuk qilib ko‘p gaplar aytamiz. Lekin xulosa qilmaymiz. Аmalda o‘zimizni o‘nglamaymiz. Saylov o‘tishi bilan yana balandparvoz gaplar bilan ovunaveramiz: demokratik saylovimizni hamma tan olgan bo‘ladi, xorijlik kuzatuvchilar jarayonga yuksak baho berib ketadi, yangi deputatlik korpusi va yangi ijro hokimiyati bizni oliy marralar sari boshlaydi! Shu ohangdagi chiroyli gaplar, vassalom. Keyin yana Prezidentning raʼyiga qarashda davom etamiz – ishimiz qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lib qolaveradi.
Partiya tuzilyaptimi, demak, bundan kimdir manfaatdor, deydilar. Qachonlardir davlat hokimiyatining siyosiy loyihalari asosida tuzilgan siyosiy partiyalarimiz hali ham «loyihachasiga» fikrlash va faoliyat ko‘rsatish qobig‘ida qolib ketayotgandek, mustaqil siyosiy organga aylana olmayotgandek tuyuladi. U davrlar o‘tgan, u loyihalarning homiylari, ijrochilari, manfaatdorlari ortda qolib ketgan bo‘lsa-da, hanuz tashabbuskorlik, kreativlik, novatorlik ko‘zga tashlanmaydi. «Аdolat» adolat tantanasi uchun nimalar qilgani yo qilmoqchi bo‘layotganini bilmaymiz. «Milliy tiklanish» milliy tiklanish uchun nima qilgani yo qilmoqchi bo‘layotganidan bexabarmiz. Qani endi bizda ham «Boltaev qonuni», «Teshaev tuzatishi», «O‘roqov akti», «Xo‘rozov deklaratsiyasi» degan nomdor huquqiy-meʼyoriy hujjatlar paydo bo‘lsa. Qani endi «Falon partiya aktsiyasi» degan olamshumul tadbir tariximizdan yorqin o‘rin olsa. Qani endi odamlar siyosatchilarni orqavarotdan kuzatar ekan, «bu kishi falon partiyadan» deb ichki hurmat bilan tilga olsa.
Qani edi!..
Madina MАSHRАBXON