Saylovoldi tashviqoti davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar uchun teng imkoniyat va sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining respublika teleradiokanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining mahalliy teleradiokanallarida bepul ajratiladigan efir hajmi va vaqti, “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo”, “Ovozi tojik”, “Nurli jol” gazetalarida bepul ajratiladigan nashr maydoni tasdiqlandi.
Shuningdek, saylovoldi tashviqoti davrida O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarning ommaviy axborot vositalarida chiqishlari quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
birinchi – O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod – Narzullo Oblomurodov;
ikkinchi – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod – Maqsuda Vorisova;
uchinchi – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod – Shavkat Mirziyoyev;
to‘rtinchi – O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod – Alisher Qodirov;
beshinchi – O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod – Bahrom Abduhalimov.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan, Ommaviy axborot vositalari saylovoldi tashviqoti davrida bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydoni doirasida nomzodlarning saylovoldi tashviqoti davrida chiqishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi, yangiliklar dasturlarida va boshqa axborot materiallarida nomzodlarning saylovoldi tadbirlarini yoritishda tenglik prinsipiga rioya qilishi, bepul ajratilgan efir vaqti va nashr maydoni doirasida efirga uzatilayotgan hamda chop etilayotgan saylovoldi tashviqoti materiallarini ular saylovoldi tashviqoti materiallari ekanini qayd etib borishi belgilandi.