Vazirlar Mahkamasining “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan har yili oktyabr oyining birinchi haftasida yurtimiz miqyosida “Keksalar haftaligi”ni o‘tkazish belgilangan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi masʼul xodimi Farhod Eshmo‘minov maʼlum qildi.
Shunga ko‘ra, joriy yilning 4-10 oktyabr kunlari “Keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida mamlakatimizning barcha hududlarida “Keksalar haftaligi” o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Ushbu haftalik doirasida joylarda qator maʼnaviy-maʼrifiy, sport, obodonlashtirish va xayriya tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.