O‘FA “Surxon” klubining rahbarlari va kaltaklangan futbolchilarni jazoladi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi “Surxon” futbol klubining maʼmuriyati klubning sobiq futbolchilari Javohir Esonqulov va Akrom Xo‘jayevni kaltaklagani bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda “Surxon” futbol klubining maʼmuriy boshqaruv ofisiga futbol klubining sobiq futbolchilari Javohir Esonqulov va Akrom Xodjayev tashrif buyurgani, klub ofisida klubning ayrim xodimlari va mazkur futbolchilar o‘rtasida vujudga kelgan nizoli vaziyat bilan bog‘liq maʼlumotlar tarqaldi.

Ushbu vaziyat bo‘yicha bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati va masʼul mutaxassislari ishtirokida maxsus yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bu kabi salbiy holatlarni keskin qoralaydi. Mazkur shaxslarning masʼuliyatsizligi va etika normalariga rioya qilmasligi o‘zbek futboli imidjiga putur yetkazmoqda.

Ayni vaqtda ushbu holat tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, holat yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi ham tayinlangan.

Mazkur holatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlik kiritilguniga qadar O‘FA tomonidan “Surxon” futbol klubi bosh direktori Azamat Abduraxmonov, sport direktori Abdumajid Toirov, futbolchilar Asror G‘ofurov, Javohir Esonqulov va Akrom Xodjayev futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi barcha futbol klublari rahbariyatiga o‘z jamoalarida qatʼiy intizomni saqlashni va har qanday vaziyatda ham etika normalariga rioya qilishni tavsiya etadi», — deyiladi assotsiatsiya axborotida.

Leave a comment

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *