Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent viloyatida 15 yoshli qiz otasidan homilador bo‘lib qolgani aytilgan video bo‘yicha rasmiy maʼlumot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan qiz otasi uni muntazam zo‘rlab kelgani aytilgan video tarqaldi. Hozirda 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qizning so‘zlariga ko‘ra, otasi uni 13 yoshidan buyon zo‘rlab kelgan. Jabrlanuvchining onasi aytishicha, turmush o‘rtog‘i ishsiz bo‘lib, uyda o‘tiradi. Oilani ayolning bir o‘zi boqadi.
Bosh prokuratura mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini maʼlum qildi. Taʼkidlanishicha, jinoyat ishi doirasida gumondor shaxs protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
«Mazkur ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan maʼlumotlar va boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi», — deyiladi xabarda.