O’zaro muloqot vaqtida madaniyatdan chetga chiqqan GAI xodimiga “hayfsan” jazosi qo’llanildi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkentda oyog’i yerdan uzilgan so’kong’ich GAI xodimi” sarlavhasi ostida vedio tarqalgan edi.

Yo’l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko’ra, ushbu voqea joriy yilning 25-avgust kuni soat 11:00 larda sodir bo’lgan. Aniqlanishicha, Toshkent shahar, Mirobod tumani, Nukus-Mirobod ko‘chalari kesishgan chorrahada YPX xodimi Sh.Beknazarov tomonidan “Neksiya-3” rusumli avtomobil haydovchisi to‘xtatilgan. Avtomobil salonida yo‘lovchilar bo‘lganligi sabab karantin talablari asosida tibbiyot niqobini taqib olishi kerakligi bo‘yicha haydovchiga YPX xodimi tomonidan tushuntirish berilgan.

Vedioda o’zaro muloqot vaqtida xodim muomala madaniyatidan chetga chiqqanligi aks etgan bo’lib, ushbu holatga to’liq oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvlari o’tkazilayotgan edi.

Xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi Nizom” hamda Ichki ishlar vazirining me’yoriy buyrug‘i talablarini buzganligi uchun Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimi Sh.Beknazarovga “Hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanilishi belgilandi.