Ijtimoiy tarmoqlarda «Oqdaryo tumanida direktor o‘rinbosari 4-sinf o‘quvchisini kaltaklagan»i aytilgan video tarqaldi. Holatga Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur holat Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 53-maktabda sodir bo‘lgan. Ikki hafta oldin maktabning 4 “V” sinfida o‘qiyotgan 10 yashar o‘quvchiga maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari qo‘l ko‘targan.
Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Jangirov, tuman XTB mudiri S.Ortiqova va boshqa masʼullar ushbu holat bo‘yicha o‘rganish va tushuntirish ishlari olib borishgan.
O‘rganish davomida maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari 4 sinf o‘quvchisini kaltaklagani o‘z isbotini topgan. Shundan so‘ng rahbar o‘z vazifasidan ozod qilingan.