“Xirurgiya xizmatini transformasiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5254-son, 04.10.2021 y.) qabul qilindi
Qarorga ko‘ra:
➖ 2021 yilda yurak nuqsonlarini davolash uchun mo‘ljallangan 500 ta tibbiy buyum (okklyuder) xarid qilish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga 10 milliard so‘m;
➖ 2022 yildan har yili o‘rtacha 2 500 ta okklyuder xarid qilish uchun mablag‘lar ajratiladi.
2021 yilda Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallari 42,5 milliard so‘mlik zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi.
Qarorga ko‘ra, 2022–2023 yillarda:
● kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ko‘lami kengaytiriladi;
● tuman (shahar)larda amaliyotlar turi 60 tadan 79 taga, hududlarda esa 130 tadan 168 taga yetkaziladi;
● Xirurgiya markazida yurak va o‘pka transplantasiyasi joriy etiladi.
2022 yil yakunigacha barcha hududlarda buyrak transplantasiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Xirurgiya markazida:
Inson a’zolari va to‘qimalari transplantasiyasi ilmiy laboratoriyasi;
2021/2022 o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasining Xirurgiya va transplantologiya kafedrasi tashkil etiladi.
2021 yil 1 noyabrdan Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va boshqa davlat tibbiyot muassasalari rahbarlarini sog‘liqni saqlash sohasida boshqaruv (Healthcare Administration) yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarida qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish yo‘lga qo‘yiladi.
2022/2023 o‘quv yilida sog‘liqni saqlash sohasi uchun 50 nafar menejer mutaxassislarni magistrlik yo‘nalishi (Master of Healthcare Administration) bo‘yicha davlat granti asosida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster va boshqa OTMlarda tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash choralari ko‘riladi.