​​Toshkentda isitish, qishloqlarda esa muammolar mavsumi boshlanyapti

2021 yil 12 oktyabrdan maktab va bogʻchalar, 14 oktyabrdan koʻp qavatli turar joy binolari muntazam isitish mavsumiga oʻtkaziladi.

Hududlarda esa isitish mavsumi qachon boshlanishi hozircha nomaʼlum. Umuman bu haqda biror joyda rasmay maʼlum qilingani hozirgacha kuzatilmagan.

Shaharlarda-ku maktab-bogʻcha va uylar isitishga ulanadi, ammo qishloqlarda muammolar mavsumi endi boshlanadi. Xususan, elektr energiyasi uylarni isitishdagi eng katta vositalalardan biri ekani hisobga olinsa, qishda chiroq oʻchirish mavsumi ham boshlanib qolsa kerak.

Chiroq va gaz muammosi

Bu masalalar bir necha oʻn yillardan beri kuzatiladi aslida, ammo yaqin yillarda eʼtibor ancha kuchaydi. Masalan, 2019 yilda chiroq oʻchishini bosh vazir Abdulla Aripov “sharmandali holat” degandi. Ammo 2020 yilda bu holat oʻzgarmagandi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva oʻtgan yili dekabrda chiroq va gaz muammosini oʻrganib chiqishga vaʼda bergandi. Lekin bu ham vaʼdaligicha qolib ketgan.